image0

Kaspiy dengizining sathi tarixiy minimal darajada pasayib ketdi. Bu haqda kecha, 22 aprel kuni Qozog‘iston Suv resurslari va irrigatsiya vazirining o‘rinbosari Bolat Bekniyoz parlamentning quyi palatasi – Majlisda so‘z ochdi.

Bolat Bekniyozning ma’lum qilishicha, Kaspiy dengizining sathi sezilarli darajada o‘zgarib turadi.

“1900 yildan 2023 yilgacha dengiz sathi -25,7 metr (1900 yil)dan -29,01 metrgacha o‘zgargan. Ya’ni, 1900 yildagi eng yuqori sath bilan 1977 yildagi eng past sath orasidagi farq uch metrdan oshadi. 2006 yildan boshlab Kaspiy dengizining sathi pasayish tendensiyasini ko‘rsatmoqda va ayni paytda u -29,21 metr darajaga yetgan, bu esa tarixiy minimum hisoblanadi. Dengiz sathining pasayishi oqibatida suv yuzasining maydoni qisqardi, asosan sayoz shimoli-sharqiy qism hisobiga”, deydi u.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, dengiz sathining pasayishiga olib kelayotgan asosiy omillar iqlimiy va antropogen ta’sir ostida daryolardan keladigan suv oqimining kamayishi, havo haroratining ortishi oqibatida bug‘lanishning ko‘payishi, shuningdek, mintaqada yog‘ingarchilik miqdorining kamayishidir.

Bildirilishicha, 1976-2023 yillar oralig‘ida Kaspiy mintaqasida havo haroratining o‘rtacha yillik o‘zgarishi har 10 yilda +0,51 darajani tashkil etgan. 2006-2023 yillar davomida Kaspiy dengizining akvatoriyasidagi yog‘ingarchilik 65 millimetrga kamaydi. Barcha bu salbiy omillar Kaspiyga suv kelishining qisqarishi fonida yuz bermoqda.

“Avval ham ta’kidlanganidek, dengiz sathini barqarorlashtirish uchun yiliga 279 kub kilometr suv barqaror oqib kelishi zarur bo‘lib, uning asosiy qismini Volga daryosi ta’minlashi mumkin. Agar Kaspiybo‘yi davlatlari tomonidan birgalikdagi choralar ko‘rilmasa, ilmiy bashoratlarga ko‘ra, 2030 yilga borib dengiz sathi -29,5 dan -30,2 metr oralig‘iga tushishi mumkin”, dedi vazir o‘rinbosari.

Ta’kidlash joiz, o‘tgan yilning kuzida rossiyalik olim Vladimir Shevchenko Kaspiy dengizi tez orada butunlay yo‘qolishi mumkinligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kaspiy dengizidagi suv sathining o‘zgarishi asosan tabiiy sabablarga bog‘liq.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mutaxassislar sayyoradagi eng katta ko‘l – Kaspiy dengizi tezlik bilan qurib borayotgani va uning hech qachon tiklanmasligini aytgan edi. Iqlim o‘zgarishi global dengiz sathini ko‘tarayotgan bo‘lsa-da, bu Kaspiyga o‘xshash ichki dengizlar va ko‘llar uchun boshqacha ta’sir qiladi. Kaspiy kabi tipdagi suv havzalari daryolardan keladigan suv va yomg‘ir hamda bug‘lanish orqali o‘tadigan nozik muvozanatga tayanadi. Bu muvozanat dunyo isishi bilan o‘zgarib, ko‘plab ko‘llarning qisqarishiga olib kelmoqda.