image0

“Titanik” yo‘lovchisining xati auksionda rekord narx – 400 ming dollarga sotildi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, savdodan olingan summa dastlab kutilgan 60 ming funt sterlingdan besh baravar ko‘proq bo‘lib, afsonaviy kemada yozilgan xatlar uchun rekord natijaga aylangan.

Xat muallifi – birinchi klassda sayohat qilgan polkovnik Archibald Greys. Xat 1912 yil 10 aprel sanasi bilan yozilgan – u “Titanik” kemasiga Sautgemptonda chiqqan kunda. Konvert ustida 11 aprel kuni Kuinstaun va 12 aprel kuni Londonda qo‘yilgan pochta muhrlari mavjud.

“Bu ajoyib kema, biroq sayohat tugamaguncha yakuniy fikr bildirishdan tiyilaman”, deb yozgan Archibald Greys.

Polkovnik Greys “Titanik” fojiasidan omon qolgan kam sonli birinchi klass yo‘lovchilaridan biri bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, “Titanik” – XX asr boshidagi eng yirik yo‘lovchi transatlantik kema. U 1912 yil 10 aprel kuni Sautgempton (Buyuk Britaniya) — Nyu-York (AQSH) yo‘nalishi bo‘yicha, Sherbur (Fransiya) va Kuinstaun (Irlandiya) orqali o‘tadigan o‘zining ilk va so‘nggi safariga otlangan. 1912 yil 15 aprelga o‘tar kechasi kema aysberg bilan to‘qnashib, Shimoliy Atlantikada cho‘kkan. Bortda 2200 dan ortiq odam bo‘lgan, ulardan faqat 712 nafari omon qolgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Titanik”dagi 700 nafar yo‘lovchini qutqarib qolgan kapitanga sovg‘a qilingan oltin cho‘ntak soati auksionda deyarli 2 million dollar (o‘zbek so‘mida 25 milliard 501 million 500 ming so‘m) ga sotilgandi.