Joriy yilning 18 fevral kuni Misrda 100 yildan beri birinchi marta fir’avn maqbarasi ochildi. Unda Tutmos II dafn etilgan. Bu haqda Misr Turizm va qadimiy yodgorliklar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Britaniya va Misr arxeologlari Fivalar nekropolida XVIII sulola fir’avni, taxminan miloddan avvalgi 1500 yilda qadimgi Misrni boshqargan Tutmos II maqbarasini ochganini e’lon qilgan. Misr turizm va qadimiy yodgorliklar vaziri Sharif Fathiyga ko‘ra, bu 1922 yilda Tutanxamon maqbarasi topilganidan keyin ilk bor aniqlangan fir’avn maqbarasi hisoblanadi.
Maqbaraning asosiy yo‘lagiga kirish joyi 2022 yil oktyabr oyida Luksor (qadimgi Fiva) yaqinida topilgan. Dastlab olimlar maqbara XVIII sulola – Tutmoslarga mansub qirollik oilasi a’zolaridan biriga tegishli deb taxmin qilgan. Bunga uning yaqinida joylashgan fir’avn Tutmos II ning rafiqasi va o‘gay singlisi, erining vafotidan keyin taxtga o‘tirgan malika Xatshepsut maqbarasi, shuningdek, Tutmos II ning o‘g‘li, fir’avn Tutmos III ning xotinlari maqbarasi dalil bo‘la olardi.
Biroq keyingi qazishmalar maqbaraning aynan fir’avn Tutmos II ga tegishli ekanini ko‘rsatdi. Bunga topilgan buyumlar, birinchi navbatda, marhum Tutmos II va uning rafiqasi, malika Xatshepsutning nomlari yozilgan alabastr ko‘zalar bo‘laklari dalil bo‘ldi. Bundan tashqari, arxeologlar fir’avnning dafn marosimiga oid mebellari qoldiqlarini ham topgan. Bu kabi buyumlar ilgari topilmagan. Qazishmalar chog‘ida ko‘k yozuvlar tushirilgan suvoq bo‘laklari va “Am-Duat kitobi” sahnalari – qadimgi Misrning qirollik maqbaralari bilan bog‘liq muhim dafn matni bo‘laklari ham aniqlangan.
Fir’avn Tutmos II dafn etilgandan ko‘p o‘tmay maqbaraga suv toshqini yopirilgan, bu esa uning ichki qismlariga jiddiy zarar yetkazgan. Tadqiqotchilar toshqindan keyin maqbaradagi qoldiqlar boshqa joyga ko‘chganini aniqlagan.
Tutmos II ning mo‘miyosi Fivalar nekropolida, 1881 yilda topilgan Dayr al-Bahri yashirin dafn joyida aniqlangan. Bu yashirin joyda o‘nlab mo‘miyolangan inson qoldiqlari, jumladan, fir’avnlar Tutmos III, Seti I, Ramzes II va Ramzes III mo‘miyolari bo‘lgan.
Tutmos II haqida deyarli hech narsa ma’lum emas. Olimlar uning hukmronlik davri borasida ham kelisha olmaydi: ba’zilari u taxminan uch-to‘rt yil hukmronlik qilgan deb hisoblasa, boshqalari uning hukmronligi 14 yildan ortiq davom etganini taxmin qiladi. Britaniya ekspeditsiyasiga rahbarlik qilgan, Yangi podsholik tadqiqot jamg‘armasi ilmiy direktori Pirs Literlandning ta’kidlashicha, topilgan maqbara Tutmos II ning hayoti haqida ko‘p ma’lumot bermaydi.
“Biroq bu bizga shuni ko‘rsatadiki, uni Xatshepsut dafn etgan, uning o‘g‘li – Tutmos III emas. Fir’avnlar o‘z o‘tmishdoshlarini dafn etishlari shart edi”, deydi Literland.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyaning janubi-g‘arbidagi Bordo shahrida olib borilgan qazishmalar chog‘ida arxeologlar 1,3 ming yil oldin dafn etilgan to‘qqizta sarkofagni topgan edi. Ushbu sarkofaglar frank qirollarining birinchi sulolasi – Merovinglar davriga tegishli bo‘lib, V–VIII asrlarga taalluqli. Artefaktlar Sen-Serin tumanidagi Renedel maydonida obodonlashtirish ishlari olib borilayotgan paytda tasodifan topilgan.