image0

O‘lim vaqt, joy va holat tanlamaydi bugun biz sanamoqchi bo‘lgan mashhur insonlar ham o‘zlarining so‘nggi nafasini sahnada, millionlab nigohlar qarshisida olgan. Roldan chiqib keta olmagan Joker ijrochisi, suratga olish maydonida otib tashlangan aktyor, jonli efirda vafot etgan qiziqchi, muxlislari ko‘z o‘ngida jon bergan turkiyalik san’atkor va ilon ishtirokidagi sahna ko‘rinishida o‘lim topgan qo‘shiqchi, shular jumlasidan.

Obrazdan chiqa olmay, depressiyada vafot etgan “Joker”

Sahnadagi so‘nggi chiqish: muxlislari ko‘z o‘ngida jon bergan mashhurlar1

Bir milliard dollardan ortiq daromad keltirgan “Qora ritsar” (The dark night) filmidagi Joker obrazi dunyo bo‘ylab katta shov-shuv keltirib chiqardi. Ushbu rolni gavdalantirgan avstraliyalik aktyor Hit Lejer obrazga chuqur kirib, uni juda real ko‘rsatgan.  U bir necha oy davomida yolg‘iz yashab, qahramoni psixologiyasini o‘rgangan. So‘ngida bu rol uni mashhurlikka olib chiqqan bo‘lsa-da, ichki azob-uqubatlarga ham sabab bo‘ldi.

Sahnadagi so‘nggi chiqish: muxlislari ko‘z o‘ngida jon bergan mashhurlar2

Endigina 28 yoshga to‘lgan aktyor Hit Lejer 2008 yilning 22 yanvarida Nyu-Yorkdagi kvartirasida o‘lik holda topildi. Rasmiy manbalarga ko‘ra, uning o‘limiga me’yoridan ortiq dori iste’molidan zaharlanish sabab bo‘lgan. Shunday qilib, aktyorga film premerasi nasib qilmadi. Ko‘pchilik uning vafotini Joker roliga haddan tashqari kirib ketgani bilan bog‘laydi. Ba’zilar bu rol uni “yutib yubordi” deb hisoblaydi. Hit Lejer o‘limidan so‘ng, Oskar mukofotining “Eng yaxshi ikkinchi darajadagi aktyor” nominatsiyasi bilan taqdirlandi.

Suratga olish maydonchasida otilgan aktyor

Sahnadagi so‘nggi chiqish: muxlislari ko‘z o‘ngida jon bergan mashhurlar3

Afsonaviy jang san’ati ustasi, aktyor va rejissyor Bryus Lining o‘g‘li Brendon Lining ham taqdiri otasi kabi kechdi. U 1993 yilda yorqin va dramatik syujetga ega “Qarg‘a” (The Crow) filmida bosh rolni o‘ynayotgan edi. Qahramonning to‘pponchadan yaralanishi epizodini o‘ynayotgan aktyorga o‘q uziladi. U jiddiy jarohatlanadi, chunki xatolik tufayli qurolda haqiqiy o‘q qolib ketgan edi. Brendon og‘ir ahvolda zudlik bilan kasalxonaga olib borildi, biroq jarrohlik amaliyoti omadsiz yakunlandi.

Sahnadagi so‘nggi chiqish: muxlislari ko‘z o‘ngida jon bergan mashhurlar4

Brendon ham xuddi yuqorida ta’kidlab o‘tilgan Hit Lejer kabi atigi 28 yoshda edi. Bu voqea kino olamida xavfsizlik choralariga jiddiy yondashuv zarurligini ko‘rsatdi. Film keyinchalik tugallanib, premera aktyorning xotirasiga bag‘ishlandi. Ba’zi muxlislar Brendonni otasi Bryus kabi “mashhurlik qurboni” deb ataydi.

O‘limi ham kulgiga aylangan qiziqchi

Buyuk Britaniyaning eng taniqli qiziqchilaridan biri bo‘lgan Tommi Kuper oddiy fokus, kulgili harakat va kutilmagan hazillari orqali muxlislari ko‘nglidan joy olgan. Qiziqchi har doim sahnaga chiqayotganida boshiga kiyadigan qizil turkcha an’anaviy bosh kiyimi (fez) uning shaxsiy brendi bo‘lib qolgandi. 1984 yilning 15 aprelida 63 yoshli komik “Qirolichaning saroyidan jonli efir” (Live from her Majesty’s) nomli teleko‘rsatuvda ishtirok etish uchun ITV telekanali studiyasiga keladi.

Sahnadagi so‘nggi chiqish: muxlislari ko‘z o‘ngida jon bergan mashhurlar5

Jonli efirda uzatilayotgan ushbu dasturni o‘sha paytda millionlab tomoshabinlar to‘g‘ridan to‘g‘ri kuzatardi. Har doimgidek sahnada kulgili fokus ko‘rsatayotgan Kuper kutilmaganda yiqildi. Tomoshabinlar bu holatni sahna ko‘rinishining bir qismi deb o‘ylab, qarsak chalib, kulishda davom etdi. Ko‘pchilik qiziqchining yerda harakatsiz yotishini uyushtirilgan “pauza” deb qabul qildi. Aslida esa Tommi yurak xurujiga uchrab, hushidan ketgan edi. Operatorlar holatni anglab yetmagunicha uni suratga olishda davom etdi, bu esa holatni yanada murakkablashtirdi. Nihoyat, sahna orqasidagi jamoa voqeani sezib, efirni reklama roligiga almashtirdi.

Sahnadan olib chiqilgan Tommiga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatildi, lekin u hayotga qaytmadi. Odamlarni yillar davomida “bu haqiqatmi?” “shunchaki aktyorlik sahnasimi?” degan savollar qiynadi, hatto yordam berishga yugurib chiqqan texnik xodimlar ham buni avvaliga hazil deb o‘ylagan. Mazkur voqeadan so‘ng, Britaniyada jonli efirlar uchun tibbiy kuzatuv va xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Britaniyada u hali ham “sahnada jon bergan haqiqiy komik” sifatida yodga olinadi. Tommi Kuperning kulgili ifodalari, tanish ovozi va mashhur fezi hali ham muxlislar yodida.

Xunuk ko‘rinishdan qo‘rqqan qo‘shiqchining jonli efirdagi xunuk o‘limi

Sahnadagi so‘nggi chiqish: muxlislari ko‘z o‘ngida jon bergan mashhurlar6

XX asrdagi turk klassik musiqasining eng mashhur san’atkorlaridan biri “san’at quyoshi” deb nom olgan Zakiy Muran edi. U ayollardan ham ko‘proq e’tibor tortishni yaxshi ko‘rardi,  hattoki, Turkiya prezidenti Faxri Sobit Koruturk saroyiga taklif qilganida poshnasi 28 santimetrli tufli kiyib boradi. E’tibor Zakiy uchun har doim muhim edi, ijobiymi, salbiymi farqi yo‘q. U kazinolarda qo‘shiq aytar, film va reklamalarda suratga tushar, qop-qop pul topardi.

Sahnadagi so‘nggi chiqish: muxlislari ko‘z o‘ngida jon bergan mashhurlar7

Zakiy o‘z tashqi ko‘rinishiga juda talabchan bo‘lib, daromadining asosiy qismini ham shu maqsadda sarflardi. Ammo qo‘shiqchi ba’zi kasalliklardan aziyat chekardi. Zakiy Muranni eng xafa qiladigan jihat uning tana va yuz tuzilishidagi o‘zgarishlar edi. Xastalik oqibatida ortiqcha vazn to‘plagan va go‘zalligini  boy bergan Zakiy odamlarga ko‘rinmaslik uchun Bodrumdagi uyiga qamalib oladi.

Sahnadagi so‘nggi chiqish: muxlislari ko‘z o‘ngida jon bergan mashhurlar8

Muxbirlar tez-tez qo‘shiqchiga bog‘lanib, uning ishtirokida dastur tayyorlashga urinardi. Zakiyga ilk bor sahnaga chiqqan mikrofonida qo‘shiq kuylash imkoni va’da berilganida u dasturda ishtirok etishga rozi bo‘ldi. TRT telekanalida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilayotgan ko‘rsatuvda Zakiy Muran 45 yil avval qo‘shiq aytgan mikrofonini  olayotganida qo‘llari qaltiradi. Boshlovchi Hulya Oydin qo‘shiqchining qo‘llaridan mahkam tutib, bazo‘r divanga o‘tkazdi. Zakiy ayolga pichirlab:

“Nima bo‘lganda ham, odamlar ko‘z o‘ngida yiqilmay. Mening yiqilganimni xalq ko‘rmasin”, dedi.

Studiyada g‘ala-g‘ovur, xavotir kuchaygan, namoyish to‘xtatib quyilgandi. Zakiy Muranning esa nafas olishi qiyinlashib borardi. Oxiri u

“Bolalar, men bu ishlarning hech birini qilolmayman, chog‘i”, dedi va jon taslim qildi.

Ilon bilan fojiali uchrashuv

Indoneziyalik xalqona va ommaviy musiqa kuylovchisi  25 yoshli Irma Byul sahnada ilonlar ishtirokidagi chiqishlari mashhur edi. Konsertlarida u ilonlarni bo‘yniga o‘rab, ko‘pincha kobralar bilan raqsga tushardi. Bu xavfli shou uslubi uni tomoshabinlar orasida mashhur qilgandi.  Karavang shahridagi konsertlardan birida Irma zaharli kobra bilan chiqish qilayotgan edi.

Sahnadagi so‘nggi chiqish: muxlislari ko‘z o‘ngida jon bergan mashhurlar9

Ijro davomida ilon uni oyog‘idan chaqib oladi, ammo Irma shundan keyin ham u qo‘shiq aytishda davom etadi, bu esa tomoshabinlarni hayratda qoldiradi. Oradan 45 daqiqacha vaqt o‘tib Irma yiqiladi va kasalxonaga olib boriladi,  ammo u ham aktyor Brendon kabi jarrohlik amaliyotidan chiqmagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ilon chaqqanidan so‘ng, zaharga qarshi dori (antidot) berilmagan.

Irma Byul sahnada chiqish paytida ilon chaqishidan vafot etgan ilk san’atkor sifatida tarixda qoldi.

Asolat G‘ulomnazarova