Joriy yil 21 yanvar kuni katta sayyoralar paradi vujudga keladi. Uni Yer aholisi maxsus kuchli astronomik uskunalarsiz ham kuzatishi mumkin. Bu haqda “Live Science” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu noyob astronomik hodisa 21 yanvar kuni boshlanadi. Bu kunda Quyosh tizimidagi olti sayyora – Mars, Yupiter, Uran, Venera, Neptun va Saturn bir chiziqqa tiziladi. 28 fevral kuni kechqurun esa ushbu “qatorga” yettinchi ishtirokchi – Merkuriy ham qo‘shiladi. Hodisani ochiq havoda durbin yoki teleskop yordamida kuzatish mumkin bo‘ladi. Parad 12 mart kuni yakunlanadi.
“Mazkur hodisa, shuningdek, “buyuk sayyoralar uyg‘unligi” deb ham ataladi va u juda kamdan kam sodir bo‘lib, astronomiya ixlosmandlari hamda go‘zallikni qadrlaydigan millionlab odamlar uchun haqiqiy bayramga aylanishi kutilmoqda”, deyiladi xabarda.
Keyingi shunday hodisa, ya’ni barcha yetti sayyorani tunda osmondan kuzatish imkoniyati 144 yildan keyin – 2169 yil 8 fevralda sodir bo‘ladi. Bu hodisaning juda noyobligi shundaki, u sayyoralarning Quyosh atrofida aylanish harakati bilan bog‘liq va parad holatiga erishish uchun ko‘plab omillarning mos kelishi talab etiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil avgust oyida Quyosh tizimining oltita sayyorasi va Yerning tabiiy sun’iy yo‘ldoshi Oy osmonda Quyoshning bir tomonida joylashib, sayyoralar paradi hodisasi sodir bo‘lgan edi.