image0

Litva poytaxti Vilnyus soborining yerosti xonalaridan o‘nlab yillar davomida yashirinib yotgan tarixiy xazinalar, jumladan, o‘rta asrlarda yashagan Yevropa hukmdorlariga tegishli tojlar va boshqa ramziy buyumlar topildi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Litvada Ikkinchi jahon urushidan beri yashirinib yotgan xazinalar topildi1

Qayd etilishicha, topilgan buyumlar orasida  Polsha qiroli va Litva buyuk gersogi (1461–1506 yillarda yashagan) Aleksandr Yagellonchik uchun ishlangan toj bor. Shuningdek, 1436-1505 yillarda yashagan hukmdor Yelizaveta Gabsburgga tegishli toj, zanjir, medalon, uzuk va tobut taxtachasi topilgan.

Bundan tashqari, xazinalar orasida Polsha qiroli va Litva buyuk gersogi bo‘lgan Sigizmund II Avgustning xotini Barbara Radzivill uchun ishlangan dafn bezaklari ham bor. Bu buyumlarga toj, shar, uchta uzuk va tobut taxtachalari kiradi. Barbara Radzivill 1551 yilda vafot etgan.

“Bu xazinalar bizning davlatimiz mustaqilligi ramzi va Litva davlat tuzilmalarining uzoq tarixidan dalolat beruvchi bebaho tarixiy merosdir,” dedi Vilnyus arxiyepiskopi Gintaras Linas Grushas.

Litvada Ikkinchi jahon urushidan beri yashirinib yotgan xazinalar topildi2

Xazinalar dastlab 1931 yilda bahorgi suv toshqinlaridan keyin sobor ichida olib borilgan tozalash ishlari chog‘ida ochilgan. O‘shanda monarxlarning qoldiqlari saqlangan yerosti xonasi aniqlangan. Buyumlar urush boshlanguncha ommaga ko‘rsatilgan, ammo 1939 yilda yashirilgan.

Qayd etilishicha, ko‘p yillik muvaffaqiyatsiz izlanishlardan so‘ng tadqiqotchilar 2024 yil sentyabr oyida yerosti xonalarini yana bir bor o‘rganishga kirishgan. Dekabr oyida endoskopik kamera yordamida xazinalar topilgan. Buyumlar 1939 yilning sentyabriga oid gazetalarga o‘ralgan holda saqlangan.

“Bu xazinalar o‘rganilib, tiklanadi va kelajakda ommaga taqdim etiladi,” deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Misrning Memfis shahrida joylashgan Sakkara nekropolidan qadimgi dunyoga tegishli bo‘lgan qimmatbaho xazinalar va sarkofag topilgandi.