Ildiz hujayralarining ajoyib xususiyati bor. Ular o’z-o’zini yangilay oladi. Qolaversa, qon, suyak, nerv va boshqa hujayralarga aylanish qobiliyatiga ega. Shu bois bu «mitti organizm»lar zamonaviy tibbiyotda bemor tanasidagi zararlangan hujayralarni almashtirishda qo’llaniladi.
Yapon olimlari esa dunyoda ilk bor induksiyalangan plyuripotent o’zak hujayralaridan ko’z shox pardasini o’stirib, uni jarrohlik yo’li bilan donorga ko’chirib o’tkazishdi.
Xo’sh, bu yangilikning nimasi olamshumul?
Gap shundaki, shu paytgacha qo’llanilayotgan usulga muvofiq, insondan ko’chirib o’tkazilgan ko’z shox pardasi an’anaviy tarzda ildiz otadi. Ammo bemor tanasi donor shox pardasini rad eta boshlaydi. Chunki unda begona immunitet hujayralari mavjud bo’ladi.
Yaponlar o’tkazgan tadqiqot esa — noyob tajriba. Chunki ildiz hujayralaridan o’stirilgan shox parda immunitet tizimidan xoli. Shu sababli uni organizm ijobiy qabul qiladi.
Qolaversa, donorlik yo’li bilan ko’chirib o’tkazilgan ko’z shox pardasi vaqt o’tishi bilan qator qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Masalan, kunchiqar mamlakatda 1500 nafarga yaqin kishi shunday muammodan aziyat chekmoqda. Yangi izlanishlar ana shu murakkabliklarga barham berishi mumkin.
Shox parda epiteliysi kasalligiga chalingan 40 yoshli yapon ayoli klinik sinovga rozilik bildirdi. Operatsiyadan so’ng uning ko’rish qobiliyati tiklandi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati