Germaniyaning Dyusseldorf shahrida shaxmat bo’yicha nufuzli «WR Chess Masters» turnirida hamyurtimiz kecha chiroyli g’alabaga erishgan bo’lsa, bugun 3-tur doirasida Levon Aronyanga qarshi o’tkazilgan o’yinda oson mag’lubiyatga uchradi.
Qora donalarda o’ynagan hamyurtimiz uchun bahsning debyut qismi muvaffaqiyatli chiqmadi. Boz ustiga, vatandoshimiz 14-yurishda «F» yo’lakdagi piyodani surib, qo’pol xatoga yo’l qo’ydi. AQShlik sportchi esa ushbu xatodan unumli foydalanib qoldi.
O’z navbatida Aronyan ham 22-yurishda xatoga yo’l qo’yib, Nodirbek uchun imkoniyat yaratgandi, ammo vatandoshimiz bu imkoniyatdan foydalana olmadi. Natijada Abdusattorov 31-yurishga kelib mag’lubiyatni tan oldi.
Ushbu mag’lubiyat o’zbekistonlik sportchining jadvaldagi o’rniga albatta ta’sir qiladi. U jadvalning o’rtarog’iga tushib ketadi. Abdusattorov ertaga 4-tur doirasida hindistonlik Praggnanadhaga qarshi oq donalarda o’ynaydi.