Xiva shahrining «Ichan qal’a» muzeyidan 19 aprel, dushanba kuni qadimiy quduq topildi. Bu haqda Fanlar akademiyasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 19 aprel kuni Xiva shahrining «Ichan qal’a» davlat muzey qo’riqxonasi hududidagi ta’mirlash ishlari chog’ida bundan bir necha yillar oldin yopib tashlangan quduq og’zi ochilgan. Biroq uning noan’anaviy ko’rinishi turli farazlarga sabab bo’lmoqda.
Quduq boshqa suv quduqlari kabi pastdan tepaga torayib ketmasdan, uning barcha qismida diametri bir xil, ya’ni 2,6 metrni tashkil qilgan. Chuqurligi 5,6 metrga teng. Qadimgi an’anaga ko’ra quduqning asosi, ya’ni poydevor qismiga Xorazm sharoitida ko’p uchrovchi daraxt, tut yoki gujumdan yog’och poydevor o’rnatilgan. Yog’ochning qalinligi 16 santirmetr atrofida bo’lgan.
Shuningdek, quduq devorlariga 25x25x6 santirmetr o’lchamdagi pishgan g’isht nozik did bilan terilgan. G’ishtlar yuzasida rombsimon belgilar mavjud. Quduq taxminan bundan 100-150 yil oldin qurilgan. Hozirgi kunda mazkur quduqdan aynan nima maqsadda foydalanilgani masalasi ilmiy jihatdan o’rganilmoqda.