Buddaviylik urf-odatlariga ko’ra, avvalgi Dalay Lamalardan birining reenkarnatsiyasi bo’lgan har qanday bola Tibet hukmdori bo’lishi mumkin. XIV Dalay Lama 1940 yil 22 fevralda Tibet davlatining poytaxti Lxasa shahrida 5 yoshida taxtga o’tirdi. Va ushbu taxtda yana 10 yil regent hukmronlik qildi. 1950 yillarda Xitoy kommunistlari Tibetga bostirib kirib, 1951 yilda Tibetni tinch yo’l bilan ozod qilish to’g’risidagi bitimni ma’qullagandan so’ng, u 9 yil davomida XXR markaziy hukumati bilan tinch-totuv yashashga harakat qildi. Xitoyga qarshi qo’zg’olon bostirilgandan so’ng, u 1959 yil 17 martga o’tar kechasi Lxasani tark etib, Hindistondan panoh izlashga majbur bo’ldi. O’shandan beri Dalay Lama quvg’indagi Tibet hukumati joylashgan Dxaramsalada istiqomat qiladi.