image0

Xitoylik olimlar yadroviy materiallardan foydalanmasdan portlaydigan vodorod asosidagi bombani muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda “South China Morning Post” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, bomba Xitoy Davlat kemasozlik korporatsiyasining (CSSC) 705-Ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilgan. Mazkur institut suvosti qurollari ishlab chiqarish bilan ham shug‘ullanadi.

Bombada vodorodni saqlovchi moddalar sirasiga kiruvchi magniy gidridi qo‘llanilgan. Ushbu kimyoviy birikma tarkibidagi vodorod konsentratsiyasi 7 foizdan yuqori bo‘lib, portlash vaqtida tez termik parchalanishga uchrab, vodorod gazini ajratadi. Bu gaz chaqnab, kuchli va davomli yong‘in hosil qiladi.

Olimlar sinovda og‘irligi 2 kilogramm bo‘lgan bombani ishlatgan. Portlashdan so‘ng 1000 darajadan yuqori haroratda olov shari hosil bo‘lib, u 2 soniyadan ortiq davom etgan. Tadqiqotda qayd etilishicha, shuncha miqdordagi trinitrotoluol (TNT) bunday olov shari hosil qilgan taqdirda, u atigi 0,13 soniya davom etgan bo‘lardi.

Xabarga ko‘ra, yangi bomba portlash kuchini aniq nazorat qilish imkonini beradi. Bu esa keng hududda maqsadlarni bir xilda zararsizlantirish imkonini yaratadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xitoylik olimlar suvosti kemasidan uchiriladigan, ham suv ostida harakatlanadigan, ham havoda uchadigan dunyodagi birinchi dronni ishlab chiqqan edi. Uskuna uchish uchun foydalanadigan parraklarini suv ostida 5 soniyada yig‘ib, kamuflyajga yaqin joylashtiradi. Bu suvda qarshilikni sezilarli darajada kamaytiradi. Suv ostida harakatlanish uchun maxsus suv parraklari o‘rnatilgan.