image0

Dunyo qanchalik rivojlanayotgan bo‘lsa, firibgarlar ham odamlarni aldash uchun shunchalik yangidan yangi yo‘llar o‘ylab topmoqda. Kinoya qilib aytganda, bugunga kelib, firibgarlar ancha dadil va o‘ziga ishongan! Stocklytics.com tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda yillik kiberjinoyatlar qiymati 9,2 trillion AQSH dollariga yetgan, bu o‘tgan yilgiga nisbatan bir trillion dollarga ko‘pdir. Ushbu raqam 2028 yilga kelib yana 70 foizga oshib, 13,8 trillion dollarga yetishi kutilmoqda.

Rossiyadan Hindistongacha. Eng ko‘p firibgarlar yashaydigan 8 ta davlat1

Rossiya

Rossiya dunyodagi birinchi raqamli kiberjinoyatchilar mamlakati bo‘lib turibdi. Jahon kiberjinoyat indeksi (World Cybercrime Index, JKI) ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya 58,39 ball bilan reytingda birinchi o‘rinni egallagan. Ko‘pincha xakerlik, internet firibgarligi va kiberjinoyatlar ushbu davlat hududidan turib amalga oshiriladi.

Rossiyadan Hindistongacha. Eng ko‘p firibgarlar yashaydigan 8 ta davlat2

Tadqiqotlarga ko‘ra, raqamli jinoyatlar orqali topilgan pullarning 74 foizi Rossiya ulushiga to‘g‘ri keladi. Kredit karta firibgarligi va xakerlik bilan mashhur ushbu davlat firibgarlari zararlovchi dasturlar o‘rnatish yoki fishing (qalbakilashtirilgan sahifalar orqali aldash) usullaridan foydalanib, odamlarning kredit karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritadi.

Biroq jinoyatchilar bu bilan cheklanmaydi – ular bank kartasini “dark wyeb” (odatdagi qidiruv tizimlari orqali topilmaydigan veb-saytlar joylashgan internet platforma)da sotadi va bu jarayon “karding” deb ataladi. Eng yuqori narx taklif qilgan kishi kartani sotib olib, firibgarlik qurboni nomidan moliyaviy jinoyatlar amalga oshiradi.

Ukraina

Indeksda ikkinchi o‘rinni egallagan ushbu davlatda kiberjinoyatchilik so‘nggi yillarda ayniqsa ko‘paygan. Zararli dastur tarqatish va ulanishlar, fishing hujumlari, hisob yoki tizim buzilishi kabilar eng keng tarqalgan kiberhodisa turlariga kiradi. Ukraina JKIda 36,44 ballga egalik qiladi.

Davlat maxsus aloqa xizmati (CYeRT-UA) xabariga ko‘ra, urush davrida hukumat axborot tizimiga buzib kirishga urinishlar kuchaymoqda. CERT-UA 2024 yilda 4315 ta kiberhodisani ko‘rib chiqqan va bu ko‘rsatkich 2023 yil (2541 ta kiberhujum)ga nisbatan 69,8 foizga ko‘paygan.

Rossiyadan Hindistongacha. Eng ko‘p firibgarlar yashaydigan 8 ta davlat3

Ma’lum qilinishicha, maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash, ma’lumotlar va axborot tizimlarini yo‘q qilish maqsadidagi eng ko‘p hujumlar mahalliy hokimiyat organlari, hukumat muassasalari, xavfsizlik va mudofaa sektori, energetika sohasi, tijorat tashkilotlari va telekommunikatsiya tarmoqlariga qaratilgan. Mamlakat bu hujumlar ortida Rossiya turganini aytadi. Rossiya Ichki ishlar vazirligi esa mamlakatda sodir etilayotgan kiberjinoyatlarning 90 foizidan ortig‘i Ukraina hududidan amalga oshirilayotganini ochiqlagan. Qisqasini aytganda, ikki davlat bir-birini nafaqat harbiy jinoyatlarda, balki kiberjinoyatlarda ham ayblaydi.

Xitoy

Xitoy soxta mahsulotlar markazi hisoblanadi. Mamlakatning asl mahsulotlarni mukammal nusxalashda usta ekanini butun dunyo tan olgan, deyish mumkin: har qanday narsaning nusxasi yasaladi. Xorijiy OAVga ko‘ra, endi navbat soxta oltinga yetgan. Xitoylik iste’molchilar “999” tozaligidagi soxta oltin sotib olib, firibga uchramoqda. Bundan tashqari, Xitoyda onlayn firibgarliklar soni ham oshmoqda. Mazkur davlatda amalga oshirilgan soxta dizayner do‘konlar firibgarliklari oqibatida 800 mingdan ortiq yevropalik va amerikaliklar o‘z maxfiy ma’lumotlarini boy bergan.

Rossiyadan Hindistongacha. Eng ko‘p firibgarlar yashaydigan 8 ta davlat4

Shuningdek, Xitoyda korporativ firibgarlik, intellektual mulk o‘g‘riligi qattiq jazolansa-da, hukumatdagi korrupsiya kabi jinoyatlar ham keng tarqalgan. Dunyo bo‘yicha kiberjinoyatlar xavfi bo‘yicha 3-o‘rinni egallagan Xitoy JKIda 27,86 ball bilan baholangan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari

So‘nggi yillarda AQSH ham dunyodagi eng ko‘p firibgarlik qilinadigan, ham eng ko‘p jabr ko‘radigan mamlakatlardan biriga aylangan. Amerikalik firibgarlar ko‘pincha fishing va lotereya aldovlari bilan shug‘ullanadi. Ular o‘zini bankdan qo‘ng‘iroq qilayotgandek ko‘rsatib, bank rekvizitlari yoki parollarini olishga harakat qiladi.

Rossiyadan Hindistongacha. Eng ko‘p firibgarlar yashaydigan 8 ta davlat5

Lotereya yutug‘i sxemasi ham xuddi shunday ishlaydi: yolg‘ondakam pulni o‘tkazish uchun hisob raqam va boshqa ma’lumotlarni so‘raydi. Qolaversa, sarmoya va yolg‘on ish takliflari kabi onlayn firibgarlik ham AQSHda eng ko‘p tarqalgan. Statistikaga ko‘ra, amerikaliklar o‘z vatandoshlaridan lotereya, fishing va boshqa kiberjinoyatlar orqali 4,6 milliard dollar “undirgan”. Qo‘shma Shtatlar JKIda 4-o‘rinni egallagan.

Nigeriya

Eng ko‘p firibgarlar istiqomat qiluvchi navbatdagi davlat Nigeriyadir. “419 firibgarligi” deb nom olgan murakkab sxema sodda odamlarning pulini “katta pul evaziga yordam kerak” deb olib qo‘yishga qaratilgan. Firibgarlar boy odam sifatida ko‘rinish berib, sizdan pul so‘raydi, hatto qalbaki hujjatlar yaratib, o‘zini ishonchli ko‘rsatishga harakat qiladi.

Rossiyadan Hindistongacha. Eng ko‘p firibgarlar yashaydigan 8 ta davlat6

Bundan tashqari, nigeriyalik firibgarlar tanishuv saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on profillar yaratib, foydalanuvchilar bilan onlayn ishqiy munosabat o‘rnatadi. Shundan so‘ng, sog‘ligi yomonlashgani yoki ishida muammo chiqqani haqida uydirmalar orqali yordamga shay qurbonlardan pul shiladi. Bu mamlakat JKI bo‘yicha 21,28 ball bilan 5-o‘rinda turadi.

Ruminiya

Ruminiyada eng keng tarqalgan firibgarlik turi – auksion (savdo) firibgarligi. Jinoyatchilar qimmatbaho buyumlar uchun soxta e’lonlar yaratib, boshqa qonuniy saytlardan olingan rasm va tafsilotlarni o‘zlarining soxta saytlariga joylashtiradi.

Eng yuqori narx taklif qilinsa, to‘lovni amalga oshirish so‘raladi, buni bajargan kishi esa pulini ham, “sotib olgan” buyumini ham qayta ko‘rmaydi.  Bu uslubda qancha odam pulidan ayrilgani haqida aniq raqam yo‘q, lekin ma’lumki, ruminiyalik firibgarlar aynan onlayn auksion firiblarida yetakchilik qiladi.

Rossiyadan Hindistongacha. Eng ko‘p firibgarlar yashaydigan 8 ta davlat7

Bundan tashqari, mamlakatda pul yuvish muammosi jiddiyligicha qolmoqda. Internet firibgarliklari, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash va biznes elektron pochtasi orqali aldash holatlari esa tinimsiz ortib bormoqda.

Kiberjinoyatchilik bo‘yicha dunyoda oltinchi o‘rinda turgan Ruminiya JKI reytingida 14,83 ballga ega.

Hindiston

Dunyodagi eng ko‘p kiberjinoyatchilik sodir bo‘ladigan davlatlardan biri Hindiston onlayn firibgarlik va texnik aldovlar bilan mashhur. Jinoyatchilar qurbonlarni qo‘ng‘iroq, reklama yoki tasodifiy elektron xatlar orqali qo‘rqitib, ularning kompyuter yoki telefonlariga kirishga urinadi. Ular virus yoki ma’lumotlar yo‘qolishi bilan qo‘rqitib, shoshilinch yordam taklif qiladi.

Rossiyadan Hindistongacha. Eng ko‘p firibgarlar yashaydigan 8 ta davlat8

Aldangan qurbonning o‘g‘irlangan maxfiy ma’lumotlari yo pullanadi, yo “shantaj” qilinadi. Statistikaga ko‘ra, 2024 yilda mamlakatda raqamli moliyaviy firibgarliklar soni to‘rt baravarga oshgan va JKIda 10-o‘rinni egallagan. 806 million internet foydalanuvchisi bilan dunyoda ikkinchi o‘rinda turuvchi Hindiston koll-markazlari amerikaliklardan 10 milliard dollardan ortiq pul o‘g‘irlagan.

Pokiston

Pokistonda bank kreditlari bilan bog‘liq firibgarliklar oqibatida 400 million dollar zarar ko‘rilgan. Mamlakat dunyodagi eng ko‘p firibgarlar mavjud bo‘lgan davlatlardan biriga aylanib bormoqda.

Rossiyadan Hindistongacha. Eng ko‘p firibgarlar yashaydigan 8 ta davlat9

Pokistonlik firibgarlar odamlarni “juda qulay kredit shartlari” bilan qiziqtirib, bankdagi hisob-raqam ma’lumotlarini o‘g‘irlash orqali ularni fishing qurboniga aylantiradi. SIM-karta bilan bog‘liq jinoyatlar shunchalik keng tarqalganki, oddiy fuqarolar o‘zlarining nomiga qancha raqam rasmiylashtirilganini bilishmaydi ham.

2025 yilda odamlar “eng firibgar davlatlar”ni Google’da qidirayotgani – bu global miqyosdagi firibgarliklar xavotiri ortib borayotganidan darak. Texnologiya rivojlanar ekan, firibgarlar ham yangicha uslublarni kashf etyapti.