Usmoniylar imperiyasi tashkil etilib, To’pqopi saroyi podshohning asosiy yashash va davlatni boshqarish maskaniga aylangach, shubhasiz, haram ham tuzilgan. Haramda bosib olingan davlatlardan qul qilib olib kelingan qizlar saqlangan. Ularning har biri, umuman, haram bilan bog’liq qullar va shoh qarindoshlarining o’z lavozimi, bajaradigan vazifasi aniq belgilab berilgan. Quyida shu lavozimlar bilan sizni tanishtirib o’tamiz.
1. JORIYa — Haramdagi eng past lavozim. Haramga endi kelgan qizlarni joriyalar deb atashgan.
2. XOTUN — Haramda o’quv mashg’ulotlari o’tashga jalb etilgan qizlar. O’qishni tugatgach, ular sulton yotog’iga tushib qolish imkoniga ega bo’lishgan. Ammo qizlarning ayrimlarigagina bunday baxt nasib etgan.
3. QALFA — Haramdagi bosh xotun hisoblangan. U barcha xotun va joriyalarni ish bilan ta’minlagan, ularni nazoratda ushlagan va o’qish jarayonini olib borgan.
4. UNKAR-QALFA — Haramdagi bosh qalfa. «Muhtasham yuz yil» teleserialida bu vazifani Afifa xotun ado etgan.
5. SULTON — shohga farzandlar tug’ib bergan ayol. Agar farzandlari yillar o’tishi bilan olamdan o’tsa, yana xotun lavozimiga tushirilgan.
6. HASEKI — Sultonning suyukli xotini. Shohning xotinlari ko’p bo’lishi mumkin, ammo suyuklisi bitta bo’lgan. Shuning uchun Mohidavron Sulaymonshohning nikohdagi xotini bo’lishiga qaramay, haseki lavozimi Xurram sultonga nasib etgan.
7. VOLIDA — Imperiyaning bosh ayoli, shohning onasi.
8. OG’A — Bu bichilgan erkak qul. Faqat ulargina haramda ishlash huquqiga ega bo’lgan. «Muhtasham yuz yil» teleserialida og’a sifatida Sumbul va Gul og’a faoliyat yuritgan.
Olimjon HAYIT tayyorladi