image0

OpenAI Walt Disney bilan uch yillik litsenziya shartnomasini imzoladi. Endi ChatGPT Images va Sora foydalanuvchilari Disney, Marvel, Pixar va Star Wars olamiga mansub 200 dan ortiq personajlardan tasvirlar va videoroliklar yaratishda foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, Disney OpenAI’ga 1 milliard dollar investitsiya kiritadi. Bu haqda OpenAI’ning rasmiy saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, Walt Disney Sora videoroliklar yaratish platformasining kontentni litsenziyalash bo‘yicha birinchi yirik hamkori bo‘ladi. OpenAI platformasi foydalanuvchilari yaratgan videolar to‘plami esa Disney+ servisida tomosha qilish uchun taqdim etiladi.

“Texnologik innovatsiyalar ko‘ngilochar industriyani doimiy o‘zgartirib boradi, ajoyib hikoyalarni yaratish va tarqatish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. OpenAI bilan hamkorlik orqali biz generativ sun’iy intellekt yordamida bu imkoniyatlarni mas’uliyatli va o‘ylangan holda kengaytiramiz, shu bilan birga yaratuvchilar va ularning asarlarini hurmat qilamiz va himoya qilamiz”, deydi The Walt Disney Company bosh direktori Robert Ayger.

2026 yilning boshidayoq ilk videoroliklar paydo bo‘lishi rejalashtirilgan. Yuqorida tilga olingan qahramonlardan tashqari, ular orasida Mikki Maus, Zolushka, Simba, Mufasa, Lilo va Stich, Dedpul, Grut, Temir odam va boshqalar bo‘ladi. Biroq bitim studiya aktyorlarining tashqi qiyofasi va ovozlaridan foydalanishga taalluqli emas.

“Disney – bu hikoya yaratish bo‘yicha jahon andozasi va biz Sora hamda ChatGPT Images ajoyib kontentni yaratish va idrok etish imkoniyatlarini kengaytirishi uchun hamkorlik qilayotganimizdan mamnunmiz”, deydi OpenAI bosh direktori Sem Altman.
 
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning “Time” jurnali sun’iy intellekt yaratuvchilarini 2025 yil uchun “Yil odami” deb topgani haqida xabar berilgan edi.