image0

9-10 dekabr kunlari Yerda G2–G3 darajasidagi kuchli magnit bo‘ronlari kuzatilishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi Kosmik tadqiqotlar institutining Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi ma’lum qildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, eng kuchli ta’sir 9 dekabr kuni tushdan keyin yuzaga kelishi kutilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, magnit maydonidagi buzilishlar 11 dekabrgacha davom etishi mumkin.

Quyosh chaqnashlari doimiy kuzatiladi, biroq ularning faqat oz qismi Yerga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi. Yerga oxirgi kuchli zarba taxminan bir oy oldin, 12–13 noyabr kunlari sodir bo‘lgan bo‘lib, o‘sha paytda G4 darajasidagi magnit bo‘roni qayd etilgan.

Shuningdek, 1 dekabrda kuzatilgan X sinfidagi chaqnashning plazma buluti Yerga yonma-yon tarzda tegib o‘tgan va natijada G3 darajasiga yaqin geomagnit faollik kuzatilgan edi. Hozirgi kutilayotgan bo‘ron kuchi ham taxminan shu darajada bo‘lishi mumkin.

Kutilayotgan geomagnit faollik oshishi qutb yoritgichlari – auroralar kuzatilishi uchun qulay sharoit yaratadi.

Shunga qaramay, mutaxassislar hozircha salbiy oqibatlar bo‘lishi ehtimoli pastligini bildirgan. Magnit maydonidagi o‘zgarishlar va elektromagnit buzilishlar 11 dekabrgacha davom etishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yerda so‘nggi uch oydagi eng kuchli magnit bo‘roni qayd etilgani haqida xabar berilgandi.