Bu ikki personajning nomi tarix zarvaraqlarida ham saqlanib qolgan. Qolaversa, ularning yovlashishi haqida Turkiya kinoijodkorlari tarafidan yaratilgan «Muhtasham yuz yil» teleserialida ham hikoya qilinadi. Gap shundaki, Xadicha sulton usmoniylar imperiyasi taxti sohibi sulton Sulaymon-Qonuniyning tug’ishgan va suyukli singlisi, Xurram esa Sulaymonning suyukli rafiqasi. Xurram garchi yoshligida qul sifatida To’pqopi saroyiga keltirilgan va sultonga tortiq etilgan bo’lsa-da, keyinchalik sultonning bu ayolga bo’lgan muhabbati qat’iy bir qarorga kelishni talab qildi. Ya’ni, sulton Sulaymon o’sha davr saroy qonunlariga asosan Xurram sultonni qullikdan rasman ozod etdi va ana shundan keyingina sha’riy nikohiga oldi.
Ana endi Xurram sulton va Xadicha sulton o’rtasidagi yovlashish sabablariga to’xtalsak. Xadicha sulton podshoh akasining yaqin do’sti, maslakdoshi, keyinchalik bosh vazir lavozimini egallagan Ibrohim Pargalini qattiq sevgan. Bu sevgi keyinchalik ularni bir oilaga birlashtirgan. Xurram sulton esa Ibrohim bilan yovlashib qolgandi. Bunga sabab bitta bo’lgan. Ibrohim poshsha sulton Sulaymonning to’ng’ich o’g’li shahzoda Mustafoni bolaligidan o’z tarbiyasiga olgan. Unga davlat ishlari, jang san’atidan tortib, lashkarboshilik, va nihoyat hukmdorlik sirlarini o’rgatgan. Usmoniylar imperiyasi talabiga ko’ra, Mustafo to’ng’ich shahzoda sifatida otasidan so’ng imperiya taxtini egallashi lozim edi. Ammo buyoqda Xurram sultonning to’rt shahzodasi turibdi. Ular ham taxtni egallashga haqli. Bundan tashqari, Xurram sultonni yana bir mash’um qonun dahshatga solardi. Agar Mustafo taxtga o’tirsa, go’yo davlat tinchligini, tartib buzilmasligi, taxt uchun kurash yuzaga kelmasligini nazarda tutgan holda ukalarining barchasini qatl etishi lozim edi. Xurram sultonni ana shu narsa ko’proq bezovta qilardi. Shuning uchun qanday yo’l bilan bo’lmasin, Mustafoni sulton Sulaymon bilan yovlashtirib, taxt vorisligidan mahrum etish niyatida bekitiqcha harakatlar sodir etardi. Ibrohim poshsha esa bundan xabar topgach, ochiqchasiga Xurram sultonga qarshi xufiyona «urush» e’lon qildi. Lekin bu kurashda baribir Xurram sulton g’olib bo’ldi. Bunga ham Sulaymonning o’ziga bo’lgan muhabbati, cheksiz ishonchi sabab bo’ldi. Uydirmalarga chippa-chin ishongan holda avval Ibrohim poshshani, keyinchalik to’ng’ich shahzodasi Mustafoni qatl etdi. Xadicha sulton uchun Ibrohimdan ayrilish do’zaxdan-da battarroq edi. Shundan keyin bu ayol ko’ngliga tugib qo’ydi. Kunlarning birida Xadicha sultonning buyurtmasiga ko’ra, Xurram sultonni noma’lum kimsalar o’g’irlab ketishdi. Bu sulton Sulaymonni chek-chegarasiz g’am va qayg’u domiga tashladi. Xo’sh, nega Xadicha sulton Xurramni o’ldirmadi? Bemalol o’ldirtirib yuborsa bo’lardi. Biroq u akasi va Xurramning farzandlariga yanada og’irroq g’amni munosib ko’rdi. Ular Xurram sulton o’lganmi, tirikmi, tirik bo’lsa, qaerda ekanini bilmasdan azoblanishlarini istadi. Shu yo’l bilan Ibrohimning — suyukli insonining o’chini oldi.
Haqiqatan, birinchi navbatda sulton Sulaymon arosatda qolib ketdi. Xurramning izsiz g’oyib bo’lishi qaddini bukib qo’ydi. Uni tiriklay yoki o’lgan bo’lsa jasadini qaerdan izlashni bilmay azoblandi. Xadicha sulton esa alamidan chiqdi va siri oshkor bo’lgan kuni shoh akasining qo’lida jon berdi. Xurramning qaerdaligi, tirik yoki o’lganligi haqidagi haqiqatlarni o’zi bilan qabrga olib ketdi.
To’g’ri, oradan yillar o’tib Xurram sultonni topishga muyassar bo’lishdi. Bu ishni sultonning ishonchli beylaridan biri Molkacho’g’li Balibey uddaladi. Afsuski, to Xurram sulton topilgunga qadar To’pqopi saroyida, sulton Sulaymonning oilasida bir qator ko’ngilsizliklar sodir bo’lgandi. Xurram sultonning to’ng’ich o’g’li shahzoda Mehmed o’ldirilgan. Sulaymon og’ir xastalikka chalingandi. Shunga qaramay, sulton Sulaymon yana hayotga qaytgandek bo’ldi, yengil tortdi, dardlari aridi. Xurram sultonga ilgarigidan-da ming chandon kuchliroq mehr berdi. Ularning keyingi umri birgalikda, xotirjamlikda kechdi.
Lekin nima bo’lganda ham bir haqiqat tarix zarvaraqlariga yozib qo’yildi. Yovuzlik, hasad, olchoqlik qanchalar qudratli bo’lmasin, uni ham ayyorona yo’l bilan sindirsa bo’larkan. Bu haqiqatning qanchalar haqligini Xadicha sulton qoyilmaqom tarzda isbotlay oldi. Intiqom g’alaba qildi. Bu ishi bilan Xadicha sulton marhum suyuklisi Ibrohim poshshaning ruhini shod etgandek bo’ldi.
Olimjon HAYIT tayyorladi