U rus qizi Ariya edi. Usmoniylar imperiyasi odatiga ko’ra, Ariya ham qul qilib o’zga yurtdan saroyga keltirilgan. Saroyda unga Shohsuvor deya ism berishdi. Bu voqea 1695 yili sodir bo’lgan. O’shanda Usmoniylar imperiyasi sultoni Mustafo II edi. Shohsuvorni ko’rgach, podshoh yoqtirib qoldi va tez kunda uni o’zining asosiy kanizagiga aylantirdi. Shohsuvor Mustafo II ning yotog’iga boshqa kanizaklarga nisbatan ko’p tashrif buyurardi. Shunday qilib imperiya sultoniga bir o’g’il va bir qizni hadya etdi. Shahzodaga Usmon, qizaloqqa esa Omatulloh deya ism berildi.
Afsuski, oradan bir necha yil o’tgach, Mustafo II yanicharlar qo’zg’oloni oqibatida o’ldirildi. Taxtni Ahmad III egalladi. Mustafo II davridagi haram Eski saroyga quvib solindi. Merosxo’r shahzodalar «Oltin qafas» deb nomlanmish uy qamog’iga hukm etildi. Kanizaklar qatorida Shohsuvor ham Eski saroyga jo’nab ketgandi. Shu yerda o’g’lidan ayro holda 50 yil yashadi.
Qizi Omatulloh mashhur poshshalardan biriga uzatildi. Shohsuvor esa bevaligicha qolib ketdi.
Yillar o’tdi. Usmoniylar imperiyasida hukmdorlar ko’p marotaba almashdi va ajoyib kunlarning birida, 1754 yili shahzoda Usmonga navbat yetib, imperiya taxtini egalladi. O’sha onlarda Usmon 55 yoshni qarshilagandi.
Ona-ku, Shohsuvorni endi podshoh volidasi sifatida hurmat va e’zoz bilan saroyga qaytarishdi. Lekin Shohsuvor Eski saroyda yashab, farzandlari haqida qayg’urish, alamli lahzalarni ko’p bor boshdan o’tkazish oqibatida xastalanib qolgandi. Podshoh o’g’lini ko’rdi-yu, bu savdoni ko’tara olmay, olamdan o’tdi.
Negaki… Shahzodasi, usmoniylar imperiyasi sultoni Usmon aqlan zaif edi.
Aqlan zaif podshoh ayollarni yomon ko’rardi. Shu sababli haram atrofidan o’tishga to’g’ri kelsa, qo’l ostidagilarga yaqin oradagi kanizaklarni o’ldirib, unga yo’l ochishni buyurardi.
Bundan tashqari, telba bo’lishiga qaramay, millatchi ham edi. Nasroniylar va yevreylarni ko’rishga ko’zi yo’q edi…
Usmon ayollarni yomon ko’rishiga qaramay, baribir bir necha go’zal kanizaklarga ega bo’lgan. Baxtga qarshi, bir umr tirnoqqa zorlikda dunyodan o’tib ketdi.