Bloomberg agentligi benzin narxi eng arzon bo’lgan mamlakatlar reytingini e’lon qildi.
Reytingda birinchi o’rinni Venesuela egalladi, u yerda bir litr narxi 0,01 dollardan kam. Keyin Eron (0,28 dollar) va Kuvayt (0,35 dollar) bormoqda.
Keyingi pog’onalardan Nigeriya (0,41 dollar), Misr (0,43 dollar), Saudiya Arabistoni (0,54 dollar), Malayziya (0,54 dollar), Indoneziya (0,67 dollar) va BAA (0,68 dollar) joy olgan.
Rossiya ham eng arzon benzinga ega top-10 davlat orasida joylashdi. Mamlakatda bir litr yoqilg’i narxi 0,72 dollarga teng.
O’zbekistonda 2018 yil 15 fevraldan e’tiboran AI-95 benzinning bir litri 7200 so’mdan (0,93 dollar) sotilmoqda. “Jizzakh Petroleum”ning yoqilg’i quyish shoxobchalarida AI-95 narxi 8000 so’mni (1,03 dollar) tashkil etadi. 2017 yil 14 noyabrdagi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan o’tgan yilning 15 noyabridan avtobenzin narxlari quyidagicha belgilangan: 1 litr Ai-80 markadagi avtobenzin uchun — 3800 so’m (0,49 dollar), 1 litr Ai-91 avtobenzin uchun — 4300 so’m (0,55 dollar).
Eng qimmat benzinni Gonkongda sotib olish mumkin, bu yerda uning bir litri 2,09 dollarga teng. Keyingi o’rinlardan Norvegiya (2,02 dollar), Niderlandiya (1,93 dollar), Gretsiya (1.91 dollar), Italiya (1.91 dollar), Daniya (1.90 dollar), Isroil (1.86 dollar), Portugaliya (1.83 dollar), Finlyandiya (1.79 dollar) va Fransiya (1,78 dollar) joy olgan.