27 martga o’tar kechasi Los-Anjelesda o’tkazilgan 94-Oskar mukofotini topshirish marosimidan so’ng dunyoga mashhur kino yulduzlari va prodyuserlar ishtirok etgan ziyofatning bu yilgi menyusida turk taomlari ham o’rin oldi. 1995 yildan beri o’tkaziladigan mukofot kechasi o’z menyusida Qora dengiz nonlari (pide) va quruq o’riklarni qaymoq bilan to’ldirilgan desertlarni ham mujassamlashtirdi.
Dunyoga mashhur bo’lgan «Oskar» mukofoti dunyodagi eng nufuzli taqdirlash marosimlaridan biri hisoblanadi. 27 martga o’tar kechasi Los-Anjelesdagi Dolby teatrida 94-marotaba yulduzlarni taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi. Marosimdan keyingi ziyofatda turk taomlari dunyoga mashhur kino yulduzlari, san’atkorlar va ishtirok etganlar o’rtasida katta taassurot qoldirdi.
1995 yildan beri Oskar kechalari uchun menyu tayyorlab kelayotgan jahonga mashhur oshpaz Volfgang Pak bu yilgi ziyofat menyusida Qora dengiz noni (Karadeniz pidesi) va qaymoq bilan to’ldirilgan quritilgan o’riklarni (Kaymaklı Kayısı Tatlısı) taqdim etdi. Ularning ikkisi ham ilk marotaba kinoning eng ko’zga ko’ringan shaxslari tomonidan tatib ko’rildi va taomlar katta olqishlarga sazovor bo’ldi.
Bazm uchun menyu tayyorlagan Volfgang Pak: “Turkiya an’anaviy reseptlari va organik mahsulotlari bilan dunyoning eng boy oshxonalaridan biridir. Turk oshxonasida kashf qilish uchun ko’plab reseptlar va mahsulotlar mavjud. Turkiyaning barcha yetti mintaqasi lazzat, tarix va madaniyatga to’la. Turkiyada tashrif buyurish kerak bo’lgan va mazali taomlari bo’lgan ko’plab shaharlar bor. Men va oilam har yozda Turkiyaga zavq bilan tashrif buyuramiz”, deya o’z fikrini bildirdi.