Agar siz futbolning ashaddiy muxlisi bo’lsangiz va xalqaro futbol ligalari va futbol jamoalarini kuzatib borsangiz, turk xalqining futbolga o’zgacha munosabatda bo’lishini payqagan bo’lsangiz kerak. Boshqa sport turlariga qaraganda futbol turk xalqi qalbida alohida o’rin tutadi, desak mubolag’a bo’lmaydi.
Biroq, turk xalqining futbolga bunday munosabatining shakllanishiga nima sabab bo’lganini hech o’ylab ko’rganmisiz? Maqolamizda nima uchun futbol Turkiyada eng ommabop sport turiga aylanganligi va futbol haqidagi bir qator faktlarga to’xtalamiz.
Mamlakatdagi 1-raqamli sport turi
Turkiya Respublika deb e’lon qilinganining dastlabki kunlaridan boshlab Turk hukumati hamisha ommabop sport turi bo’lganligi sababli futbolga katta sarmoya yo’naltirishga qaror qildi. Investitsiyalar hech ham to’xtamadi, bu esa futbolning Turkiyada katta sanoatga aylanishiga olib keldi. Turkiya hukumati va ko’plab investorlarning doimiy yordami mamlakatda futbol industriyasining ustuvorligini ta’minladi.
Turk televideniesi va matbuotining futbolga alohida e’tibor qaratishi minglab insonlarning futbol bilan uxlab, futbol bilan uyg’onishi, uni sevib tomosha qilishi va futbol bilan shug’llanishi oxir-oqibatda esa turk futbolining dunyoda tanilishi uchun yetarli bo’ldi. Sportga bo’lgan katta e’tibor va muxlislarning doimiy qo’llab-quvvatlashi Turk futbol klublari va terma jamoalarining Yevropa va Jahon chempionatlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishiga olib keldi.
“Buyuk uchlik” atamasi Turkiyaning eng eski sport klublaridan uchtasi — “Beshiktosh”, “Fenerbahche” va “Galatasaroy”ni ifodalash uchun ishlatiladi. Uchala jamoa ham Istanbulda tashkil etilgan bo’lib, ular bir-biri bilan o’zaro doimiy raqobatdadirlar. Chempionatdagi asosiy o’rin va sovrinlar ham aynan mana shu 3 jamoa o’rtasida taqsimlanadi. Ular ishtirokidagi o’yinlar turk futbol dunyosida katta qiziqish bilan kuzatiladi.
Odamlarni birlashtirish
Turkiyada mintaqaviy raqobat juda muhim, chunki Turkiya odatda kuchli mintaqaviy o’ziga xosliklarga ega bo’lgan davlatdir. Futbol odamlar uchun mamlakat bo’ylab sayohat qilish, futbol klublari bilan tanishish va o’z vatanparvarliklarini namoyish qilish usulidir. Bu esa futbolni o’z navbatida odamlarni birlashtiradigan sport turiga aylantiradi.
Turk futboli haqida qiziqarli faktlar
Avval aytib o’tganimizdek, Turkiya terma jamoasi Yevropa Chempionatlarida asosan muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Jamoa 2008 yilda yarim finalga qadar yetib borib, chorak finalda Xorvatiya ustidan penaltilar seriyasida 3:1 hisobida g’alaba qozongan.
Agar turkcha ismlar bilan tanish bo’lsangiz, turkiyalik futbolchilarning formalarida familiyalari yozilmaganini, buning o’rniga ularning ismlarining yozilganini ko’rishingiz mumkin. Buning sababi esa Turkiyada futbol familiyalardan ko’ra qadimiyroq ekanligidadir.
Avval “Fenerbahche”da so’ngra esa, “Galatasaroy”da o’ynagan futbolchilar soni 21 nafar. Eng qizig’i esa, avvaliga “Galatasaroy”, so’ng “Fenerbahche”da to’p surgan futbolchilar soni ham shuncha.
Turkiya kubogini eng ko’p qo’lga kiritgan jamoa «Galatasaroy»dir. “Sariq qizillar” 15 marta kubokni qo’lga kiritishga muvaffaq bo’lishgan