Diplomatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabat mamlakatlar pozitsiyasini ifodalashi ham mumkin. Shuning uchun ham ular kiyinishdan tortib, o‘zini tutish va so‘zlargacha bo‘lgan har bir harakatiga e’tiborli bo‘lishlari shart. Hamkasbga taqdim etiladigan sovg‘alar ham shular jumlasidan. Ammo ba’zida siyosatchilar yozilgan qoidalardan biroz chekinib, noodatiy yoki g‘ayritabiiy sovg‘alar taqdim etadi. Masalan, nasroniylar yo‘lboshchisiga yahudiylik ramzi berilishi, AQSH prezidentiga timsohdan sug‘urta taqdim etilishi va kechikkan prezidentga “budilnik” tuhfa etilishi kabi holatlar ro‘y bergan. Maqolada turli davlat liderlariga taqdim etilgan g‘alati sovg‘alar haqida so‘z boradi.
Yarim tonna go‘sht, timsohdan sug‘urta va yasama mo‘ylov
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu joriy yil boshida AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvda unga oltin peyjer sovg‘a qilgandi. Yodingizda bo‘lsa, Isroil harbiylari tomonidan “Hizbulloh” a’zolariga tegishli peyjerlar portlatilib, ularning o‘limi yoki jarohatlanishiga sabab bo‘lgandi. Netanyaxu mazkur sovg‘a bilan shu voqeaga ishora qilishga urindi.
“Peyjer Bosh vazirning “Hizbulloh” ruhiyatini sindirib, urushda burilish nuqtasini yasash qarorini timsol etadi”, dedi uning maslahatchisi Dmitriy Gendelman.
Netanyaxu 2013 yil qishda nasroniylik vakili bo‘lgan Rim papasiga yahudiy dinining asosiy ramzlaridan biri – yetti shamli “menora” sovg‘a qilib, hammani hayratda qoldirgandi. Buni ko‘pchilik papani noqulay vaziyatda qoldirgan hurmatsizlik o‘laroq baholagan.
AQSHning sobiq prezidenti Barak Obama ham o‘z davrida bir qancha noodatiy sovg‘alarni jamlagan. Masalan, argentinalik sobiq prezident Nestor Kirshner unga deyarli yarim tonna qo‘y go‘shti sovg‘a qilgan. Bu go‘shtning Obama dasturxonigacha yetib borgani shubha ostida, albatta.
Oq uyning sobiq rahbariga eng kutilmagan sovg‘a 2011 yilda Avstraliyaga qilgan safarida topshirildi. Mamlakat bosh vaziri Juliya Gillard rasmiy marosimda Amerika prezidentiga timsohlardan sug‘urta sovg‘a qildi: agar Obamani qit’ada yashovchi yirtqich timsohlardan birortasi yeb qo‘ysa, uning xotini Mishelga 50 ming Avstraliya dollari miqdorida sug‘urta to‘lovi to‘lanishi lozim edi. Ammo sug‘urta hodisasi yuz bermadi.
Kishilarni noqulay vaziyatga solib qo‘yishni xush ko‘ruvchi Netanyaxu Obamaga nisbatan ham shunday yo‘l tutgan: 2013 yilda Tel-Avivga tashrif buyurgan Obamaga sun’iy mo‘ylov sovg‘a qilindi. Bosh vazir fikricha, Obama ko‘ngilochar maskanlarga borganida uni hech kim tanimasligi uchun soxta mo‘ylov kerak bo‘ladi. Ammo bunday manzillarga borishni yoqtirmaydigan Obama bundan xursand bo‘lmadi.
"Diplomatik kesatiq”: Merkel va Putinnning “oldi-berdisi”
Dunyo liderlari orasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Germaniya sobiq kansleri Angela Merkel munosabatlari alohida e’tibor markazida. Har safar gul bilan iltifot qiladigan Putin ba’zida Merkelning “jig‘iga tekkan”. Masalan, 2006 yili Merkelning Moskvaga ilk rasmiy tashrifi chog‘ida Rossiya Prezidenti unga yumshoq o‘yinchoq it sovg‘a qiladi. Bu bejizga emasdi: bir necha yil oldin velosiped sayohati paytida Merkelni qarovsiz itlardan biri jarohatlagan va o‘shandan beri u itlardan nihoyatda qo‘rqardi.
Merkel buni javobsiz qoldirmadi. 2013 yildagi uchrashuvda u Putinga burgut rasmi tushirilgan “budilnik” sovg‘a qildi. Putinning xalqaro uchrashuvlarga kech qolishi bilan mashhurligini hisobga olsak, bunday sovg‘ani kesatiq sifatida qabul qilish mumkin edi. Ammo Putin bu unga yoqqanini aytdi va bir yildan so‘ng Merkel bilan uchrashuvga naqd to‘rt soat kechikdi.
Bosh vazirning “yemagan hazili”
Sovg‘a taqdim etishda “muhimi – qiymat emas, e’tibor” deyishsa, ishonmang. Chunki bunga ishongan Britaniya bosh vaziri Toni Bler bir safar qattiq xijolatda qolgan. 2006 yilda u AQSH prezidenti kichik Jorj Bushga tug‘ilgan kuni munosabati bilan juda arzon sviter had’ya qilib, kulgiga qoldi. Kichik Bush noqulaylikni yumshatishga urinib, Blerning sovg‘ani o‘zi tanlaganidan mamnun ekanini bildirdi. Bunga javoban Bler hazil qilishga urinib, sviterni o‘zi to‘qiganini aytdi. Biroq jurnalistlar buni “yemagan hazil” deb atadi, chunki allaqachon sviterning 90 funt turishi aniqlangandi.
Bu Bush olgan noodatiy sovg‘alardan biri edi, xolos. Masalan, 2009 yilda unga Argentina prezidenti tomonidan 130 kg qo‘y go‘shti sovg‘a qilingan, xuddi Obamaga berilgani kabi.
Yanvar – Turkmanboshi: oy nomlarining prezident sharafiga o‘zgartirilishi
Eng g‘ayritabiiy sovg‘alar bobida Turkmaniston parlamenti uncha-munchasidan o‘zib ketgan. 2002 yilgi parlament prezident Saparmurat Niyozovning tug‘ilgan kuni munosabati bilan oy nomlarini o‘zgartirdi. Masalan, yanvar oyi “Turkmanboshi”; aprel esa prezidentning onasi nomiga “Gurbansultan” deb qayta nomlandi. Shuningdek, sentyabr oyi Niyozov muallifligidagi mashhur kitob “Ruhnoma” nomiga o‘zgartirildi. Ammo oradan to‘rt yil o‘tib, 2006 yilda Niyozov vafot etdi va 2008 yilda hukumat qarori bilan oy va hafta kunlarining eski nomlari tiklandi.
Saddamning g‘alati yurishi: AQSH vakiliga Suriya ustidan arz
Bahs va munozaralar markazida turuvchi Saddam Husayn ham g‘ayritabiiy sovg‘a berishni maromiga yetkazgan. 1983-1984 yillarda AQSHning Yaqin Sharqdagi maxsus vakili Donald Ramsfeld Eron-Iroq urushi davomida Saddam Husayn bilan bir necha bor uchrashgan. Mazkur uchrashuvlar davomida Ramsfeld Saddam Husaynga bir necha g‘alati sovg‘alar bergan. Tikanli bolg‘a va oltin kovboy etiklari shular jumlasidan.
Ammo Saddamning javob sovg‘asi bundan ham g‘alatiroq edi: u AQSH vakiliga video sovg‘a qilgan. Ramsfeldning shaxsiy veb-saytida hamon mavjud bo‘lgan ushbu videoda ayol askarlarning tirik ilonlar boshini tishlab uzayotgani va erkak askarlarning itni o‘ldirayotgani tasvirlangan. Filmda bularning barchasi o‘sha paytdagi Suriya diktatori Hofiz Asadning ruxsati bilan amalga oshirilayotgandek ko‘rsatilgan. Ushbu videodan maqsad Suriya rejimining shafqatsizligini namoyish etish edi.