image0

Dunyo bo‘yicha har o‘ninchi bola, ya’ni 160 million nafar bola majburiy mehnatga jalb etilgan. Ulardan deyarli yarmi qurolli mojarolardan zarar ko‘rgan mamlakatlarda yashaydi. Bu haqda joriy yilning 13 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangiliklar xizmati xabar berdi.

BMT Bosh assambleyasi raisi Filemon Yang bu holatning ildiz sabablari haqida gapirdi.

“Biz bolalar mehnatini keltirib chiqaradigan asosiy omillarni bartaraf etishimiz kerak. Bu – qashshoqlik, majburiy ko‘chish, gender va boshqa shakllardagi tengsizlik, bolalarni maktabdan chiqarib olib ishlashga majbur qilish, imkoniyat yetishmasligi, shuningdek, ularni qurolli mojarolarda yollash va foydalanishga olib keluvchi beqarorlik”, dedi u.

Filemon Yang davlatlarni bolalarni himoya qiluvchi qonunlarni qabul qilishga, adolatli mehnat haqi tizimini joriy etishga va chekka, kam ta’minlangan hududlarga investitsiya kiritishga chaqirgan. U, shuningdek, bolalarning eksplutatsiyasini kuchaytiruvchi yangi xavf omillari, xususan, ob-havo hodisalari tahdidiga alohida e’tibor qaratgan.

Ma’lumot uchun, har yili 12 iyun kuni Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qurolli mojarolar, tabiiy ofatlar va iqlim o‘zgarishining kuchayib borayotgan oqibatlari tufayli dunyoda o‘z yurtining ichida noiloj ko‘chishga majbur bo‘lganlar soni rekord darajaga yetib, 83,4 million kishiga yetgani xabar qilingandi.