Toshkent viloyatida chiqindi gazidan elektr energiyasi ishlab chiqarish majmuasi quriladi. Bu 4 yil avvalgi kelishuv edi

26 yanvar kuni Ohangaron va Parkent tumanlaridagi maishiy chiqindi poligonlarida hosil bo’ladigan chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish majmuasi qurilishiga tamal toshi qo’yildi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi ma’lum qildi,

Chiqindi gazini qayta ishlash orqali 16 MVt.gacha elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo’ljallangan loyiha qiymati 55 mln dollar bo’lib, u Koreyaning Sejin G&E kompaniyasi to’g’ridan to’g’ri investitsiya mablag’lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Bu – yirik maishiy chiqindi poligonlarida hosil bo’ladigan chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqaradigan Markaziy Osiyo mintaqasidagi yagona stansiya bo’ladi.

Kun.uz 2023 yilning yanvarida tamal doshi qo’yilgan majmuani qurish bo’yicha kelishuvga 2018 yilda erishilganiga e’tibor qaratdi. Ma’lum bo’lishicha, bu loyiha hukumatning 2018 yil 3 noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan.

2018 yil 14 sentyabrda Investitsiyalar bo’yicha davlat qo’mitasi va “Sejin G&E Co., Ltd” kompaniyasi o’rtasida tuzilgan investitsiya shartnomasiga ko’ra, investor tomonidan Toshkent viloyatida xorijiy korxona tashkil etilishi, 2018–2020 yillar mobaynida 55 mln dollar miqdorida to’g’ridan to’g’ri investitsiya jalb etilishi belgilangan.

Loyiha doirasida Ohangaron tumanidagi “Ohangaron” va Parkent tumanidagi “Maydontol” maishiy chiqindilar poligonida hosil bo’ladigan chiqindi gazidan (metandan) elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 12 ta yangi zamonaviy generator va yordamchi uskunalar o’rnatilishi belgilangandi.

Hukumat qaroriga muvofiq, xorijiy korxona yuridik shaxslarning foydasidan olinadigan soliq, mulk solig’i, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va obodonlashtirish solig’i, mikrofirma va kichik korxonalar uchun belgilangan yagona soliq to’lashdan, shuningdek Respublika yo’l jamg’armasiga majburiy ajratmalar to’lashdan ozod qilinishi belgilangan.

2018 yilda boshlangan harakatlar nima uchun 4 yildan ko’proqqa cho’zilgani ma’lum emas. Izlanishlarimiz loyiha bo’yicha muzokaralar 2020, 2021 hamda 2022 yillarda ham davom etganini ko’rsatdi.

Ma’lum bo’lishicha, 2021 yildagi uchrashuvda Koreya Ekologik sanoat va texnologiyalar instituti tomonidan Jizzax viloyatida ikkita xalqaro sanitar normalarga javob beradigan chiqindi poligonini qurish, chiqindilarni saralash va qayta ishlash natijasida elektr energiyasi ishlab chiqarish bo’yicha istiqbolli loyihalar to’g’risida fikr almashilgan. Bu loyiha qaysi bosqichda ekani haqida ochiq manbalarda ma’lumot yo’q.