image0 Aprelda ob-havo qanday o‘tdi?1 north_east

O‘zgidromet tezkor ogohlantirish bilan chiqdi

Joriy yilning aprel oyi iqlimiy qiymatlarga nisbatan iliqroq bo‘ldi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Oyning birinchi yarmida o‘rtacha harorat me’yordan o‘rtacha 4-7 darajaga yuqori bo‘ldi. Maksimal havo harorati asosan 23-28 daraja atrofida, eng iliq kunlarda esa 30-32 daraja, shimolda, janubda va cho‘l hududlarida 34-36 daraja bo‘lishi kuzatildi.

18-20 aprel kunlari havo harorati me’yordan 3-8 darajaga keskin pasaydi. Havoning salqin bo‘lishi uzoq vaqt davom etmadi va uchinchi o‘n kunlik boshidan harorat yana ko‘tarila boshladi.

Eng iliq davrda (shimolda 26-27 aprel kunlari, respublikaning qolgan qismida 27-28 aprel kunlari) kunduz kunlari havo 35-37 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarida 38-39 darajagacha isidi.

O‘rtacha oylik havo harorati me’yordan 3-5 darajaga, Farg‘ona vodiysi hududlarida 1,5-2,5 darajaga yuqori bo‘ldi. Shunday qilib, 2025 yilning aprel oyi so‘nggi yillardagi iliq aprel oylari qatorini davom ettirdi.

Aprel oyi juda quruq bo‘ldi. Birinchi va ikkinchi o‘n kunliklarning ayrim kunlarida (o‘n kunlikda 2-3 kundan, tog‘larda 4-5 kundan) yomg‘ir yog‘ishi kuzatildi. Yomg‘ir asosan biroz va o‘rtacha jadallikda yog‘di.

Asosan ayrim tog‘oldi va tog‘li hududlarda 2-3 kun davomida bir kecha-kunduzda miqdori 15 mm dan 27 mm gacha, Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida (Maydontol) 45 mm gacha bo‘lgan kuchli yomg‘ir yog‘ishi kuzatildi.

Aprel oyining uchinchi o‘n kunligida respublika hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatildi. Respublikaning ko‘pchilik hududlarida aprel oyida yog‘ingarchilik miqdori me’yorga nisbatan kam bo‘ldi. Faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida va Xorazm, Navoiy viloyatlarining ayrim joylarida bir oyda yog‘ingarchilik me’yor atrofida, ba’zi joylarda esa me’yordan ko‘p bo‘lishi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zgidromet joriy yilning may oyida oyida kuzatiladigan ob-havo ma’lumotlarini e’lon qilgandi.