Ijtimoiy tarmoqlarda kechadan buyon shov-shuv. Toshkentdagi juda ko’p do’konlarni aylanib chiqdik, non qidirib. Ishonasizmi, non yo’q! Dastlab bu xabarga odatiy mish-mish deya e’tibor bermagan edik. Ammo Toshkent shahridagi do’konlar, supermarketlardan so’rab-surishtirsak, «bo’lka non yo’q» degan javobni olyapmiz. Sababi so’ralganda esa, ishonchsiz gaplar bilan javob qaytarilyapti.
«O’zdonmahsulot» bilan bog’langanimizda, ular: “Bu masalani biz hal qilmaymiz, «Toshkent-non» ishlab chiqarish uyushmasi bilan bog’laning”, deyishdan nariga o’tishmadi.
Shunday qilib, “otangga bor, onangga bor” bo’ldi bu yog’i. Ma’lum bo’lishicha, Toshkentda haqiqatan ham non taqchilligi kuzatilmoqda.
Shunaqa vaziyat yuzaga kelgan ekan, nima uchun masalaga oydinlik kiritishni istashmayapti? “Sabablarimiz bor” deyishdan nariga o’tmay, o’sha “sabablar” haqida ochiq gapirishmayapti, qiziq.
«O’zdonmahsulot» AK tizim korxonalarida iqtisodiy islohotlarning borishi va ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish prognoz ko’rsatkichlari to’g’risida 2017 yilda mahsulot turlari bo’yicha ishlab chiqarish natura ko’rinishida o’sish sur’ati: non va non mahsulotlari 119,9 foizni tashkil etdi.
Yuqorida o’sish bo’yicha ma’lumotlar keltirib o’tilgan. Poytaxtda esa aholi non qidirib, do’konma-do’kon kezmoqda.
Xullas, Toshkent do’konlarida buxanka non topishingiz amrimahol. Biz esa bunchalik sir saqlanayotgan o’sha “sirli sabablar”ni ochishga harakat qilib ko’ramiz.