Hozirgi kunda yer yuzida 7,6 milliard kishi istiqomat qilmoqda. 2050-yilga borib esa sayyoramiz aholisi 9,8 milliardlik marrani ishg’ol qilishi kutilmoqda. Atigi 7 yildan so’ng Hindiston aholi soni bo’yicha Xitoyni quvib o’tadi va dunyoda birinchi o’ringa chiqib oladi.
2050-yilgacha dunyo aholisi o’sishida Hindiston, Nigeriya, Kongo, Pokiston, Efiopiya, Tanzaniya, AQSh, Uganda va Indoneziya davlatlari asosiy rol o’ynaydi. Ular dunyo aholisining umumiy o’sish sur’atiga ulkan hissa qo’shishi kutilmoqda.
BMT hisob-kitoblariga ko’ra, dunyo aholisi 2030-yilda 8,6 milliard, 2050-yilda 9,8 milliard kishini tashkil qilgani holda, asr so’nggiga borib o’sish sur’ati pasayishi taxmin qilinmoqda. Taxminlarga ko’ra, 2100-yilda dunyo aholisi 11,2 milliardga yetishi mumkin.
Dunyoning aholisi eng tez o’sayotgan mamlakatlaridan biri Nigeriyada istiqmoat qiluvchilar soni 2050-yilgacha ikki barobar ko’payib, AQShdan o’zib ketishi va jahonda uchinchi o’ringa chiqishi kutilmoqda. Ayni paytda Nigeriya aholi soni bo’yicha dunyoda 7-o’rinda turibdi. Hisobot mualliflari e’tiroficha, dunyo aholisi har yili 83 million kishiga ko’paymoqda. Afrika qit’asi aholisi eng tez o’sib borayotgan mintaqa bo’lib turibdi. «Qora qit’a»da har bir ayolga to’g’ri keladigan tug’ishlar soni 4,7 tani tashkil qilgan.
Hisob-kitoblarga ko’ra, hozirda Xitoyda 1,4 milliard kishi istiqomat qiladi. Ikkinchi o’rindagi Hindistonda esa aholi soni 1,3 milliard kishidan oshgan. Dunyo aholisi kesimida 60 yoshdan oshganlar soni 2050-yilga borib 2 marta, 2100-yilda esa 3 marta ortishi, sayyoramiz aholisi asta-sekin «qarib borishi» kutilmoqda.
Dunyoda aholi sonining ko’pligi jihatidan yetakchilik qiluvchi 10 ta davlat:
Xitoy 1 384 688 986
Hindiston 1 296 834 042
AQSh 329 256 465
Indoneziya 262 787 403
Braziliya 208 846 892
Pokiston 207 862 518
Nigeriya 195 300 343
Bangladesh 159 453 001
Rossiya 142 122 776
Yaponiya 126 168 156
Ma’lumot o’rnida aytishimiz mumkinki, O’zbekiston Respublikasi doimiy aholisi soni 2019 yil 1 yanvar holatiga 33254,1 ming kishini tashkil etib, 2018 yilda 597,4 ming kishiga yoki 1,8%ga o’sdi. Bu haqda Davlat statistika qo’mitasi xabar bermoqda.
Jumladan, shahar aholisi soni 16805,0 ming kishini (jami aholi sonidagi ulushi 50,5%), qishloq aholisi soni 16449,1 ming kishini (49,5%) tashkil etgan.