image0

O‘zbekistonda 100 yoshdan oshgan pensionerlar soni 461 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi xabar berdi.

1 dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 100 yosh va undan katta bo‘lgan 461 nafar fuqaro bor. Qayd etilishicha, uzoq umr ko‘ruvchilar orasida ayollar ustunlik qiladi – ushbu yosh toifasidagi pensionerlarning qariyb to‘rtdan uch qismini ayollar tashkil etadi. Ularning soni 330 nafar bo‘lsa, 100 yosh va undan oshgan erkaklar 131 nafarni tashkil qiladi.

O‘zbekistondagi 100 yoshdan oshgan pensionerlar soni ochiqlandi1

Mamlakat bo‘ylab uzoq umr ko‘rish geografiyasi notekis taqsimlangan. Eng ko‘p 100 yoshdan oshgan pensionerlar janubiy hududlarda istiqomat qiladi. Xususan, ularning soni bo‘yicha yetakchi hudud Qashqadaryo viloyati bo‘lib, bu yerda 73 nafar 100 yoshdan oshgan fuqaro ro‘yxatga olingan. Undan keyingi o‘rinda Surxondaryo viloyati turadi – bu hududda mazkur yosh toifasiga mansub 69 nafar pensioner yashaydi.

Toshkent viloyatida 100 yoshdan oshgan 41 nafar pensioner qayd etilgan. Eng kam 100 yoshdan oshgan pensionerlar Navoiy viloyatida aniqlangan – u yerda 100 yosh va undan katta bo‘lgan atigi 11 nafar fuqaro istiqomat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda pensiya yoshi bosqichma-bosqich oshirilishi rejalashitirilayotgani haqida xabar berilgan edi. Xususan, O‘zbekistonda pensiya islohoti loyihasida pensiyaning eng kam yoshi erkaklar uchun 60 yoshdan 63 yoshgacha, ayollar uchun 55 yoshdan 58 yoshgacha oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Ushbu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Xususan, pensiya yoshi har yili yarim yilga oshirilishi mumkin.