Arktika va Antarktika ilmiy-tadqiqot instituti (AAITI) olimlari deyarli 40 yildan beri kuzatib kelayotgan A23a aysbergi o‘zining dastlabki maydonining 67 foizini yo‘qotdi va shu bilan birga dunyodagi eng yirik aysberg maqomini ham boy berdi. Uning maydoni 1370 kvadrat kilometrgacha qisqargan. Bu haqda AAITI xabar berdi.
Mutaxassislarning aytishicha, oxirgi 3 oy ichida A23a yana 22 foizga kichraygan va birinchi o‘rinni D15A aysbergiga bo‘shatgan. Shunga qaramay, hanuz ulkan bo‘lib qolayotgan A23a Janubiy okeanda, Janubiy Georgiya orolidan 230 kilometr shimoli-g‘arbda toza suvda suzishni davom ettirmoqda.
A23a aysbergi 1986 yilda Filxner shelf muzligidan ajralib chiqqan. O‘sha paytda uning maydoni 4170 kvadrat kilometr bo‘lgan. U 30 yildan ortiq vaqt davomida Ueddell dengizida sayozlikda qolgan, keyin esa Antarktida qirg‘oqlari bo‘ylab burila boshlagan.
2023 yilning iyulida A23a’ning oyiga 150 kilometr tezlikda harakatlana boshlagani ma’lum bo‘lgan. Biroq 2024 yil avgustida u okean girdobiga tushib, to‘xtab qolgan. AAITI tadqiqotchilari aysberg Antarktika atrofini aylanib o‘tuvchi oqim ta’sirida to‘liq yemirilguncha aylanib turadi, deb taxmin qilgan, ammo bu sodir bo‘lmagan.
Oradan bir necha oy o‘tib, 2024 yil dekabrida muz massasi girdobdan chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan. O‘sha paytda aysberg Londondan ikki baravar katta bo‘lib, deyarli 1 trillion tonna vaznga ega edi. U Janubiy okeanda Atlantika janubida joylashgan Britaniyaga qarashli Janubiy Georgiya oroliga tomon suza boshlagan. Britaniyalik olimlar orol bilan to‘qnashuv ehtimoli borligini taxmin qilgan, ammo oxir-oqibat harakat yo‘nalishi o‘zgargan va aysberg qirg‘oq chizig‘idan uzoqdan o‘tgan.
Mart boshida A23a Janubiy Atlantikadagi Janubiy Georgiya oroli yaqinida sayozlikka o‘tirib qolgan. Uch oy davomida u shu yerda turgan paytda maydoni 7 foizga qisqargan. Iyun boshiga kelib uning maydoni 2730 kvadrat kilometrga teng bo‘lgan. 2025 yil sentyabr oyida A23a’dan umumiy maydoni 800 kvadrat kilometrdan ortiq bo‘lgan to‘rtta yirik bo‘lak ajralib chiqqan. Ular hozir mustaqil aysberg sifatida mavjud. 2025 yil dekabrida esa A23a bo‘laklarga ajralgan.
“A23a’ning hayotiy sikli haqidagi ssenariy bizning prognozlarimizni tasdiqlamoqda: shamol va okean oqimlari ta’sirida aysbergdan muntazam ravishda yirik bo‘laklar ajralib turadi, bu esa maydonning qisqarishiga va uning asta-sekin yemirilishiga olib keladi. Muz gigantining erishi Butunjahon okeani sathiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Jarayon juda sekin kechadi va suv teng taqsimlanishga ulguradi”, deydi mutaxassislar.
Dunyoning eng katta aysbergi unvoni endi maydoni 3071 kvadrat kilometr bo‘lgan D15A’ga o‘tdi. Bu ko‘rsatkich A23a’ning hozirgi o‘lchamidan ikki baravar katta. D15 2016 yil yanvarida shelf muzligidan ajralgan va hozir Sharqiy Antarktidadagi Malika Yelizaveta Yeri qirg‘oqlari yaqinida sayozlikda turibdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Antarktidadagi Gektoriya muzligi ikki oy ichida qariyb 50 foizga qisqargani, bu zamonaviy tarixda qayd etilgan eng tez chekinish bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


