XOH IShONING, XOH IShONMANG…

 

 

ShPARGALKA HAQIDA QIZIQARLI FAKTLAR

 

1. Shpargalkadan hatto VIII- IX asrlarda franklar hukmdori hisoblangan Buyuk Karl ham unumli foydalangan. U yozishni ham, o’qishni ham bilmasdi. Qo’l ostidagilar muhim hujjatlarga imzo qo’yishi uchun maxsus imzo turini yaratishgan. Karl hujjatga qo’l qo’yish kerak bo’lganda, qog’ozga tushirilgan o’z imzosini ko’chirib olgan.

2. Gaydayning «Operatsiya Ы» komediyasida abiturient Dubning radioaloqani shpargalka o’rnida ishlatishga urinib ko’rganini hamma biladi. Ammo Dub uddasidan chiqa olmadi. Imtihon oluvchi sezib qoldi. Qarangki, shunday voqea hayotda ham sodir bo’larkan. Masalan, bir kuni haydovchilik guvohnomasi olish uchun imtihon topshirishga kelgan isroillik 19 yashar yigit o’zi bilan videokamera, naushniklar va radiouzatkichni shpargalka sifatida imtihon xonasiga olib kirdi. Unga yordam berish uchun kelgan do’sti esa o’sha bino burchagida aloqa o’rnatilishini intiq kutardi. Afsuski, ayyorlik o’xshamadi. Imtihon oluvchilar sezib qolib, shpargalka ustasini politsiya ixtiyoriga topshirib yuborishdi.

3. Eynshteyn ham maktabda yomon o’qigan. Buni hamma biladi. Lekin mashhur fizikka aylangandan keyin ham ko’paytirish jadvalidan shpargalka o’rnida foydalangan. Undan sababini so’rashganda, «Hamma narsani kallada asrash shartmi? Ana, shpargalka bor-ku!», deb javob bergan.

4. Inglizlar 2018 yili futbol bo’yicha o’tgan jahon chempionatida Kolumbiya termasi ustidan shpargalka yordamida g’alaba qozonishgan ekan. Gap shundaki, matchdan keyin penaltilar seriyasiga o’rin berilgach, Angliya termasi darvozaboni Jordan Pikfordga shpargalka keltirib berishgan. Unda raqib jamoa o’yinchisi to’pni asosan darvozaning qay burchagiga ko’proq yo’llashi yozilgan ekan. Shpargalka ish berdi. Angliya termasi Kolumbiya termasi ustidan g’alaba qozondi.

Olimjon HAYIT tayyorladi