«Tonirovka» boshqa davlatlarda qanday?

Keng muhokamalarga sabab bo’layotgan “tonirovka” masalasida dunyo tajribasi qanday? Taqqoslash uchun ayrim Markaziy Osiyo, Yevropa davlatlari va AQShda oynalarni qoraytirish bo’yicha qanday tartiblar o’rnatilganiga «Gazetachi» qiziqib ko’rdi.

Qirg’iziston

Old yon oynalarni pullik qoraytirish avtomobillarning egalariga (jismoniy shaxslarga) yiliga 80 ming qirg’iz somiga tushishi mumkin (qariyb 1000 dollar). Bu haqda Qirg’iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida aytilgan. Yuridik shaxslar 100 ming to’laydi (1 217 dollar). Xorijiy fuqarolarga 120 ming som (1 461 dollar) evaziga oynalarga rang berish uchun ruxsatnoma olishi mumkin.

Tojikiston

Tojikistonda 2005 yilgacha avtomobil oynalarini qoraytirishga ruxsat olish uchun to’lov taxminan 333 dollarni, 2005 va undan keyin ishlab chiqarilgan qoraytirilgan avtomobillar uchun esa taxminan 413 dollarni tashkil qiladi. Tojikiston qonunchiligiga muvofiq, avtomobil haydovchilari avtomobilning orqa va yon oynalarini qoraytirish huquqiga ega. Old oynani 20 sm. kenglikdagi yuqori chetidan tashqari bo’yash mumkin emas.

Ma’lumot uchun:

O’zbekistondan tashqari “tonirovka” uchun ruxsat Markaziy Osiyo davlatlarida faqat Qirg’iziston va Tojikistonda sotib olinadi.

Qozog’iston

Qozog’istonda qoraytirish uchun ruxsat olish shart emas, lekin old oynalar va old yon oynalarni noqulay ob-havo va tungi sharoitda tashqi tarafni ko’rish imkoniyatini pasaytirishi sababli qoraytirish taqiqlangan. Bundan tashqari, Qozog’iston Ichki ishlar vazirligi rahbariyatining ko’rsatmalariga ko’ra, yo’l harakati politsiyasining xizmat avtomashinalarida oynalarni qoraytirish taqiqlangan.

Turkmaniston

Avtomobil oynalariga har qanday rang berish taqiqlangan.

Rossiya

Rossiyada rang berish taqiqlanmagan, ammo old oyna va yon oynalardagi yorug’lik o’tkazuvchanligi kamida 70 % bo’lishi kerak. Qonun talablariga rioya qilmagan taqdirda, jarima 500 rublni tashkil etadi (7,5 dollar). Agar siz protokolga kiritilgan summani imtiyozli muddatda to’lasangiz, jarimaning yarmini, ya’ni 250 rubl to’laysiz.

AQSh

Amerikada xususiy avtomobillar uchun oynalarni qoraytirish talablari shtatdan shtatga qarab farq qiladi. Shu bilan birga, umumiy talablar quyidagilardan iborat:
• old oynalar va old yon oynalar uchun kamida 70% yorug’lik o’tkazuvchanligi (30% rang berish),
• ikkita yon oyna bo’lishi sharti bilan boshqa barcha oynalar cheklovsiz qoraytirilishi mumkin.

Buyuk Britaniya

Ingliz haydovchilari uchun standart talablar old oynalar uchun 75% yorug’lik o’tkazuvchanligi (25% rang berish) va old yon oynalar uchun 70% (30% qoraytirish). Orqa oynalarni hech qanday cheklovlarsiz qoraytirish mumkin.

Polsha

Polshada qoraytirish uchun talablar eng standart hisoblanadi – old oynalar uchun 75% (qoraytirish 25%) va yon oynalar uchun 70% (qoraytirish 30%). Orqa oynalar cheklovlarsiz qoraytirilishi mumkin.

Fransiya

Fransiya talablar biroz qattiqroq, ya’ni old oynalar va old yon oynalarni qoraytirish taqiqlanadi. Old oynada faqat oynaning yuqori qismida kengligi 10 sm.dan oshmaydigan xira chiziqli stikerga ruxsat beriladi. Ammo orqa va orqa yon oynalarni qoraytirish mumkin.

Shvetsiya

Shvetsiyada yorug’lik o’tkazuvchanligi kamida 75% (25% tus) bo’lsa, old oynani bo’yashga ruxsat beriladi. Boshqa barcha oynalar uchun avtomatik cheklov 70% (rangli 30%).