image0

Tojikistonning So‘g‘d viloyati Ayniy tumani Iskodar qishlog‘ida joylashgan qadimiy yerosti daxmasidan 25 dan ortiq skelet, shu jumladan uchta mumiyolangan jasad topildi. Bu haqda “Asia-Plus” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, bunday kashfiyot Tojikiston hududida birinchi marta sodir bo‘lmoqda va shunga o‘xshash mumiyolar avval faqat Qirg‘iziston va Xitoyda topilgan. Mumiyolangan jasadlar tojikistonlik arxeolog Muhsin Bobomulloyev tomonidan topilgan.

Tojikistonda ilk bor 25 dan ortiq mumiyolangan jasad topildi1

Aslida, ushbu qazilmalarning mavjudligi 2014 yilda ma’lum bo‘lgan. O‘sha yili mahalliy aholi qabristonda yerostidagi bo‘shliqni ko‘rsatadigan katta teshikni topgan. Ular bu haqda Tarix institutiga xabar bergan, ammo keyin olimlar bu joyni faqat tashqaridan tekshirib, ekspeditsiya tashkil qilish kerakligini aytib ketgan. Shunday qilib, 10 yil o‘tdi va bu yillar davomida daxma ochilgan.

Mumiyolardan biri yaxshi saqlanib qolgan. Arxeologlarga ko‘ra, bu topilma katta tarixiy ahamiyatga ega, chunki u nihoyatda kam uchraydi va Tojikiston hududida birinchi marta topilgan.

Tojikistonda ilk bor 25 dan ortiq mumiyolangan jasad topildi2

Arxeologlarning so‘zlariga ko‘ra, barcha topilgan dafnlar bir davrga tegishli bo‘lishi mumkin, chunki avvallari Tojikistonda jasadlar odatda oilaviy qabrlarga – daxmalarga dafn etilgan. Misol uchun, qadimgi So‘g‘dda har bir oila yoki avlodning shaxsiy qabri bo‘lib, unda faqat uning a’zolari dafn etilgan.

Tojikistonda ilk bor 25 dan ortiq mumiyolangan jasad topildi3

Shunga o‘xshash mumiyolangan jasadlar XX asrning boshlarida Qoshg‘ardagi (Xitoy) Tarim havzasida, shuningdek, 1956 yilda Botken viloyatining Qoramiq hududidan (Qirg‘iziston) ayol kishining mumiyosi topilgan. U 2017 yilda qayta dafn etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining Urgut tumanida qadimiy So‘g‘d madaniyatiga oid ibodatxona va noyob devoriy suratlar topilgandi. Ibodatxona ilk o‘rta asrlarga tegishli bo‘lib, uning tarhi to‘g‘ri to‘rtburchak shaklda va devorlari diniy mavzudagi suratlar bilan bezatilgan.