Perudagi paleontologlar taxminan 10 million yil avval o‘lgan timsohning to‘liq skeletini taqdim etdi. Bu haqda mamlakat poytaxti Lima shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro paleontologiya kongressi tashkilotchisi – Geologiya, konchilik va metallurgiya instituti xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sudralib yuruvchining qazilmasi 2023 yilning oxirida Peru janubida joylashgan Ikadagi Okukaxe cho‘lida topilgan. Timsoh qoldiqlari mintaqaviy geologiya idorasi yordamida paleontolog Mario Urbina rahbarligida qazib olingan.
Uning uzunligi 3 metrga yaqin bo‘lgan, bu esa Piscogavialis timsoh turi uchun kichik, shuning uchun tadqiqotchilar bu balog‘atga yetmagan timsoh, degan xulosaga kelgan. Olimlar skeletning to‘liq saqlanib qolganini ma’lum qilgan. Taxminlarga ko‘ra, hayvonning uzun tumshug‘i bo‘lgan va u baliqlar bilan oziqlangan, bu uni zamonaviy timsohlar va alligatorlardan ajratib turadi. Topilgan sudralib yuruvchining eng yaqin qarindoshi Gaviali timsohi hisoblanadi.
Noodatiy topilma joriy yilning dekabr oyida Peru Geologik kon-metallurgiya institutida ko‘rgazmaga qo‘yiladi. Barcha ko‘ngillilar timsoh skeletini ko‘rishga borishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qirg‘izistonlik olimlar Myunxendagi Paleontologiya muzeyi olimlari bilan birgalikda Toshko‘mir shahri yaqinidagi tog‘li cho‘l hududida yirtqich teropod dinozavrlarining qoldiqlarini topishgandi. Bu Qirg‘iziston hududidan topilgan birinchi teropod dinozavriga aylangandi. Qoldiqlar taxminan 165 million yil avval O‘rta yura davrida hosil bo‘lgan Balbansoy qatlamlari cho‘kindilarida (forma jins qatlamlari to‘plami) topilgandi.