Britaniyaning The Economist nashri talqiniga ko’ra, Ukraina yil mamlakatiga aylandi.
Nashr tahririyati ma’lum qilishicha, odatda yil mamlakatini tanlab olish oson bo’lmaydi, biroq bu yil ushbu maqom ta’sis etilganidan buyon birinchi marta «tanlov ochiq-oydin ko’rinib turibdi» va «bu faqat Ukraina bo’lishi mumkin».
«Odatda bunday sharafni, bizning fikrimizcha, o’tgan 12 oy ichida eng katta yaxshilanishga erishgan mamlakat qo’lga kiritadi. Shunday ekan, Ukraina qandaydir ma’noda noodatiy tanlov, chunki ko’pchilik ukrainaliklarning hayoti Putin ularning mamlakatiga asossiz bostirib kirganidan keyin sezilarli darajada yomonlashdi», — deyiladi The Economist xabarida.
Ayni vaqtda esa Ukraina aholisi bu yil qahramonligini, uddaburonligini va sobitligini ko’rsatgan. «Ukrainaliklar yolg’onni fosh qilish mumkinligini, terrorga esa qarshi turish mumkinligini namoyish etdi. Ularning kurashi yakunlanishiga hali ancha bor. Ammo 2022 yilda ular ko’rsatgan o’rnakka teng keladigani bo’lmadi», — deyiladi xabarda.
The Economist tahririyati yil mamlakati maqomini 2013 yilda ta’sis etdi. Turli yillarda unga Myanma, Fransiya, Armaniston sazovor bo’lgan. 2021 yilda esa Italiya yil mamlakati deb e’lon qilingandi.
Avvalroq Amerikaning Time jurnali va Britaniyaning Financial Times gazetasi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni yil odami deb e’lon qilgandi. Politico nashri esa uni 2022 yilda Yevropadagi eng ta’siri kuchli odam deb atagandi.