Ispaniyalik olimlar GJ 1002 yulduzi atrofida Yerdan 16 yorug’lik yili masofasida aylanib yuruvchi ikkita yangi ekzosayyora topilganini ma’lum qildi. Bu haqda Science alert xabar berdi.
Kosmik me’yorlarga ko’ra, GJ 1002b va GJ 1002c ikkita yangi ekzosayyora bo’lib, Yerga yaqin joylashgan. Mutaxassislar u yerda hayot uchun mos sharoitlar bo’lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bunday sayyoralar suv va hayot mavjud bo’lishi uchun juda issiq ham, sovuq ham emas.
«Ayni damda bu ikki sayyora Yerga o’lchami va massasi jihatidan o’xshashligini bilamiz, lekin u yerda yashash omili borligini aytishga hali erta. Buning uchun qo’shimcha tadqiqotlar olib borishimiz kerak», — deydi Ispaniyaning Kanareyka astrofizika instituti xodimi Vera Mariya Pessenjer.
GJ 1002b va GJ 1002c sayyoralarini aniqlash uchun olimlar fazoning ushbu mintaqasining 100 dan ortiq tasvirini o’rganib, yulduz yorug’ligini tahlil qilgan. Ma’lumotlar Yerga o’xshash ikkita sayyora borligini ko’rsatgan. Olimlar fikricha, GJ 1002c sayyorasida bir yil atigi 20 kun davom etadi.
Bu sayyoralarning o’z yulduziga yaqinligi astronomlarga ular haqida ko’proq ma’lumot olishga yordam beradi. Xususan, olimlar sayyoralar yuzasida nafaqat suv, balki kislorod bor-yo’qligini ham aniqlamoqchi. Bugungi kunga qadar astronomlar Quyosh tizimidan tashqarida 5 mingdan ortiq sayyoralar mavjudligini tasdiqlagan. Yangi texnologiyalar nafaqat yangi sayyoralarni topish, balki ularning ichki va atmosfera tarkibini o’rganish imkonini beradi.
«Bizning kashfiyotimiz yana bir bor galaktikamizda Yerga o’xshash sayyoralar kamdan-kam uchramasligini yana bir bor isbotladi. Agar bu ikki ekzosayyorani oladigan bo’lsak, endi Yerga nisbatan yaqin joylashgan yettita shunday olam borligi haqida bilamiz», — deydi mutaxassis.