Qashshoqlik sabab go'dakligida ota-onasi tashlab ketgan bolakay dunyoning eng boy odamiga aylandi!

Aspirant va talaba qiz o’g’illi bo’lishdi.

«O’zimiz zo’rg’a yashayapmiz, boqolmaymiz…»

Bir to’xtamga kelishib, bolani vasiylik idorasiga berib kelishdi.

Go’dakni esa tezda boshqa oila asrab oldi.

Juftlikning ikkinchi farzandi – qizi tug’ilganda moddiy tanglik birmuncha yo’qolgan edi, lekin birga yashay olishmadi.

Er xotini va qizini qoldirib, uydan chiqib ketdi.

Shu bo’yi universitetdan ham ketib, o’zini pul topishga urdi. Mo’may daromad ilinjida har qanday ishni qildi.

Ayol esa qizi bilan qiynalib bo’lsa-da yashay boshladi, baxti ochilib, qaytadan boshqa odamga turmushga chiqdi, yaxshi odam ekan – qizchani ham o’z familiyasiga oldi.

Asrandi bola ham, qizcha ham ulg’ayishdi.

Ayniqsa, o’zga oilada, mutlaqo boshqa odamlarni «ota-onam» deb ulg’aygan bolaning ham hayoti tekis ketmadi, tirishdi-tirmashdi, biznesda va nihoyat omadga erishdi.

Shunday kunlarning birida asrab olgan onasi vafot etish oldidan unga eng katta sirni – «asl ota-onasi boshqa odamlar» ekanligini aytdi.

Motamdan so’ng yigitcha ancha o’ylandi, va nihoyat asl ota-onasini topishi kerakligini tushundi.

Qidiruv bilan shug’ullanadigan agentlarga murojaat qilarkan, ularning: «Nima uchun ularni topmoqchisiz?» deb bergan jo’yali savoliga shunday deb javob berdi:

– Meni abort qilib yubormaganliklari uchun ularga rahmat aytmoqchiman!!!

Qidiruvlar natijasida avval onasini va singlisini topdi.

O’ttiz bir yildan so’ng uchratgan onasiga o’z «rahmat» ini aytganda, ona o’zini tutib tura olmadi, o’g’lini bag’riga bosishga jur’ati yetmay, o’ksinib uzoq yig’ladi…

Singlisi bilan ham ancha til topishib oldi.

– Otamni ham qidirib topmoqchimisiz? – deb savol berdi singlisi…

– Keyinroq, hali bunga tayyor emasman, – deb javob berdi akasi.

Qiz bola-da, otasini o’zi qidirib topmoqchi bo’ldi, uzoq qiyinchilikdan so’ng u haqidagi ma’lumotlarni qo’lga kiritdi: otasi hozirda kichkinagina tamaddixonaning xo’jayini ekan.

Qiz chiroyli kiyinib, ko’rsatilgan tamaddixonaga kirib bordi.

Tamaddixona xo’jayini, ya’ni otasi unga peshvoz chiqdi, qizni kibor xonimlardan deb bilib mulozamat qilgan bo’ldi:

– Oxirgi paytlarda tamaddixonam nozik mehmonlar tez-tez tashrif buyuradigan go’shaga aylanib boryapti, bundan kamina juda xursandman. Kim o’ylabdi deysiz, bu yemakxonaga shunaqa mashhur odamlar tashrif buyuradi deb…

Qiz ajablanib savol berdi:

– Masalan, kimlar tashrif buyurib turadi bu yerga?!

– Mashhur milliarder Stiv Jobs kunda-kunora shu yerga kelib kofe ichib ketadi, – deb maqtandi yemakxona xo’jayini…

Qiz shu yerda ortiq jim tura olmadi:

– Bilasizmi, aslida, Stiv Jobs kim?! U sizning o’g’lingiz bo’ladi, men esa qizingiz…

Bir umr pul dardida o’zini o’tga-cho’qqa urgan, bolalarini boqolmasligi sababli tashlab ketgan otaning og’zi lang ochilib qoldi.

Ha… Bu o’sha mashhur «Apple» kompaniyasining asoschisi, suriyalik aspirant Abdulfattoh Jandali va nemis millatiga mansub talaba qiz Joan Shiblening farzandi, Pol Jobsning asrandi o’g’li, dunyoni o’zgartirib yuborgan uchinchi olmaning egasi –  Stiv Jobsning achchiq hayotidan bir lavhalar edi.

Bejizga Qur’oni Karimda: «ochlikdan qo’rqib, bolalaringizni o’ldirmang, biz sizlarni ham, ularni ham rizqlantirurmiz», deb yozilmagan…

Juda ko’p qur’oniy haqiqatlarni hayotda ko’rib, hayratimizni yashirolmaymiz…

 

Elshod Yaxyoyev

(Feysbukdagi sahifasidan)

loading…