Joriy yilning 28 aprelidan 6 mayiga qadar Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida joylashgan Nurota tog‘ tizmasida olib borilgan dala tadqiqot-qidiruv ishlarida paleolit va neolit davrlariga oid yangi arxeologik maskanlar aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Xususan, O‘gat qishlog‘ining g‘arbiy qismida so‘nggi paleolit davriga oid ibtidoiy kishilarning yashash makoni qayd etilgan. Izlanishlarning dastlabki tahlillari bu hududda ming yillar avval insonlar doimiy yoki mavsumiy istiqomat qilganini ko‘rsatmoqda.
Qoropchi qishlog‘ining shimoliy etaklarida esa neolit davriga mansub ikkita yangi makon aniqlangan. Topilgan manzillar insoniyatning dehqonchilik va chorvachilikka o‘tish davriga oid muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Yonboshtut qishlog‘ining shimolida joylashgan “Beshbuloq” nomli makon ham neolit davriga tegishli bo‘lib, bu yerda qadimgi jamiyatlarning ijtimoiy va madaniy hayotiga doir izlar topilgan.
Agentlikka ko‘ra, mazkur arxeologik topilmalar O‘zbekiston hududida eng ibtidoiy odamlarning yashash tarixini o‘rganishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi. Tadqiqotlar hozirgi kunda ham davom ettirilmoqda. Kelgusida topilmalarning ilmiy tahlillari asosida kataloglar, maqolalar va ko‘rgazmalar tayyorlanishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida joylashgan qabristondan topilgan qadimiy 2 ta daxma hamda 1 ta qabrtosh o‘rganilgani haqida xabar berilgandi.