Porsche avtomobillar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi o’zining eng sekin traktorlari poygasini o’tkazdi. Bu haqda “Formacar” nashri xabar berdi.
Porsche deganda odamlarning ko’z oldida zamonaviy va kuchli sport avtomobillari gavdalanadi. Ammo yigirmanchi asrning o’rtalarida kompaniya traktorlar ishlab chiqargan. Ferdinand Porshe tomonidan taqdim etilgan dastlabki uchta prototip 1934 yilda zavoddan chiqqan. Ular benzinli dvigatellar bilan jihozlangan edi.
Ikkinchi jahon urushidan keyin qishloq xo’jaligi sohasida allaqachon faol bo’lgan nemis kompaniyalariga ishlab chiqarishni qayta tiklashga ruxsat berildi. Sobiq Zappelin zavodida 125 mingdan ortiq Porsche traktorlari yig’ilgan. Ammo 1963 yilda ishlab chiqarish to’xtatilgan. Oradan oltmish yil o’tib, 1950-60 yillarda qishloq xo’jaligidagi asosiy texnika bo’lgan ushbu traktorlar Laguna Seka (AQSh)dagi Rennsport Reunion’ida raqobatlashadi.
Gap shundaki, kompaniya qishloq xo’jaligi uchun texnikalar ishlab chiqargan davrlar xotirasi uchun har yili Kaliforniyada noodatiy va qiziqarli traktor poygalarini o’tkazadi.
Bunday poygalar Porsche avtomobillari qatnashadigan poygalar orasida eng sekini hisoblanadi. Ammo ular doimo tomoshabinlar e’tiborini tortadi.
Ishtirokchi texnikalar maksimal 25 km/soat tezlikda harakatlanadi. Bu shunchalik sekinki, poygachilar mashinalarning ustida turib, tomoshabinlarga qo’l ham silkiydi. Shuningdek, ular orasida mashhur shaxslar ham talaygina. Xususan, Vintage traktorlarini kinorejissyor va haydovchi Jeff Zvart, sobiq poygachi Yorg Bermeyster va sobiq Formula 1 haydovchisi Felipe Nasr kabi professional poygachilar boshqaradi.
Poygadagi eng qiziq jihatlardan yana biri, unda traktorlarning noodatiy ko’rinishdagilari ham uchrab turishidir. Xususan, bu yil o’tkazilgan poygada poyabzalni eslatuvchi noyob Coffee Train PZ12 ham bor. Ushbu model Braziliya qahva plantatsiyalari uchun kichik partiyada ishlab chiqarilgan.