Sentyabr oyidagi o’lchovlarga ko’ra, Alp tog’larida joylashgan Monblan dengiz sathidan 4805 metr va 59 santimetr balandlikka ega. Mutaxassislarning e’tirof etishicha, ob-havo qor qoplami qalinligining qisqarishiga ta’sir qilgan bo’lishi mumkin.
Evropa Ittifoqining eng baland cho’qqisi Fransiya janubi-sharqidagi Monblan tog’i so’nggi ikki yil ichida 2 metr va 22 smga pasaygan. Bu haqda 5 oktyabr, payshanba kuni tadqiqotchilar guruhi ma’lum qildi. Sentyabr oyida o’tkazilgan o’lchovlar shuni ko’rsatdiki, tog’ning balandligi dengiz sathidan 4805 metr va 59 santimetr tepada joylashgan. Oldingi o’lchovlar 2021 yilda amalga oshirilgan.
Alp tog’larining eng baland cho’qqisi qoyali qismini qoplagan qor qoplami qalinligining qisqarishi yozda yog’ingarchilik miqdori kamayishi bilan bog’liq bo’lishi mumkin, dedi geodezist Jan de Gar. Biroq, iqlimshunoslar, glyatsiologlar va boshqa olimlar to’plangan ma’lumotlarni o’rganishi va yangi o’lchov natijasini tushuntiruvchi barcha nazariyalarni ilgari surishi kerak, dedi ekspert.
Tog’ning qoyali qismi dengiz sathidan 4792 metr balandlikda joylashgan. Uni qoplagan qor va muz «qopqog’i» qalinligi yildan-yilga o’zgarib boryapti. 2001 yildan beri tadqiqotchilar har ikki yilda bir marta shunday o’lchovlarni o’tkazadi va bu yil ular birinchi marta uchuvchisiz uchish apparatidan foydalandi. Shu tariqa, olimlar iqlim o’zgarishining Alp tog’lari uchun oqibatlari haqida ma’lumot olyapti.