Minglab go‘zal orollarga ega Gretsiya 2026 yilda nafaqaxo‘rlar uchun dunyodagi eng yaxshi manzil deb topildi. Bu haqda “International Living” nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, hozirgi kunda o‘rtacha umr davomiyligi 1950 yillarga nisbatan qariyb 20 yilga oshgan. Hozirgi kunda ko‘plab nafaqaxo‘rlar hayotining so‘nggi o‘n yilini chet elda o‘tkazmoqda.
Uy-joylarini sotib, yaqinlaridan uzoqda, chet elda yangi hayot boshlash uchun puxta izlanish va jiddiy tayyorgarlik zarur. Nashr esa bu omillarni hisobga olib, yillik global nafaqa indeksini e’lon qildi. Indeks nafaqaxo‘rlar uchun eng maqbul manzildagi yashash xarajatlari, sog‘liqni saqlash sifati, uy-joy bozori, vizalar, iqlim va mahalliy jamiyatga moslashish qulayligi kabi mezonlarga ko‘ra shakllantirilgan.
2026 yil uchun birinchi o‘rin Janubiy Yevropaning quyoshli mamlakati – Gretsiyaga nasib etdi. Minglab betakror orollari tufayli mamlakat allaqachon mashhur turistik hudud hisoblanadi. Bundan tashqari Gretsiya doimiy yashash uchun ham barcha zarur sharoitlarga ega.
Yillar davomida Portugaliya va Ispaniya yetakchi bo‘lib kelgan, biroq yaqinda joriy etilgan viza cheklovlari va yashash xarajatlarining oshishi nafaqaxo‘rlarning boshqa variantlarni ko‘rib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Gretsiya esa ko‘pchilik izlayotgan mehmondo‘st, arzon va har jihatdan boy hayot tarziga ega Yevropa bazasini, shuningdek, moslashuvchan rezidentlik imkoniyatlarini beradi.
Davlatning “Oltin viza” dasturi chet elliklar uchun eng kamida 250 ming yevro ko‘chmas mulk sarmoyasi evaziga yashash ruxsatnomasini olish imkoniyatini beradi. Shuningdek, mamlakat iqlim, sog‘liqni saqlash va uy-joy bo‘yicha yuqori reytingni egallagan. Ro‘yxatdan Italiya, Malayziya va Fransiya kabi davlatlar ham o‘rin olgan.
Ma’lumot o‘rnida, “Yashash uchun eng yaxshi 10 ta mamlakat ro‘yxati” 200 dan ortiq ekspertlar va xorijdagi aholining baholari asosida aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Turizm tomonidan o‘tkazilgan “Eng yaxshi turizm qishloqlari” (Best tourism villages) loyihasi g‘oliblari qatoridan o‘zbek qishlog‘i ham o‘rin olgandi.
Nigora Maxammadiyeva


