O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 may kuni Sian shahrida o’tayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy sammiti doirasida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashuv o’tkazdi.
O’zbekiston bilan Tojikiston o’rtasidagi ko’p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini kengaytirishning dolzarb masalalari ko’rib chiqildi.
Etakchilar iqtisodiy hamkorlik bo’yicha Hukumatlararo qo’shma komissiyaning 12 may kuni Toshkent shahrida o’tgan navbatdagi yig’ilishining samarali yakunlarini yuksak baholadilar.
O’zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va sanoat kooperatsiyasi loyihalarini, shu jumladan energetika, mashinasozlik, qishloq xo’jaligi, transport-kommunikatsiya va boshqa tarmoqlarda ilgari surish bo’yicha qabul qilingan qarorlarni amalda bajarish muhimligi ta’kidlandi.
O’zbekiston va Tojikiston rahbarlari mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, bo’lajak tadbirlar rejasini ko’rib chiqdilar.