Afg’onistonning Da Afghanistan Breshna Sherkat (DABS) elektr kompaniyasi O’zbekistondan elektr energiyasi yetkazib berish tiklanganini ma’lum qildi. Ma’lumot kompaniyaning Twitter sahifasida e’lon qilindi.
Elektr energiyasi importi natijasida 18 viloyatda, jumladan Kobulda aholini elektr bilan ta’minlash normal holatga kelgan. Ta’minot zanjiridagi nosozlik 24 noyabr, mahalliy vaqt bilan soat 12:00 da bartaraf etilgan. Bundan avvalroq Afg’onistonning DABS elektr kompaniyasi bosh operatsion direktori Safiulloh Ahmadzay so’nggi kunlarda O’zbekiston eksport qiladigan elektr quvvati hajmi ikki baravarga 430 megavattdan 200 megavattgacha kamayganini aytgandi.
«O’zbekiston buning sababini mamlakat elektr energiyasi ishlab chiqarish qurilmalaridagi texnik nosozlik bilan izohladi. O’zbekiston bu muammoni uch kun ichida hal qilamiz, deb va’da qilgan bo’lsa-da, bu holat hamon saqlanib qolmoqda», — degan edi Ahmadzay.
13 noyabrda esa O’zbekistondan Afg’onistonga elektr energiyasi yetkazib berish vaqtinchalik to’xtatilgandi. Elektrga bo’lgan talabni kamaytirish uchun Turkmaniston elektr energiyasi Kobulga yetkazib beruvchi elektr zanjiriga ulangandi.