«Roma» klubi hamda O’zbekiston milliy jamoasi forvardi Eldor Shomurodov qishki transfer oynasida Rim klubini tark etishi kutilmoqda.
Corriere dello Sport nashri xabariga ko’ra, A Seriyaning yana bir klubi «Sampdoriya» Eldor Shomurodovni yanvarda o’z safiga qo’shib olish uchun kurashga qo’shilgan. Genuya klubi Rim jamoasi bilan kelishuvga erishsa, Eldor sobiq jamoasi «Jenoa»ning raqibi safiga borib qo’shilishi mumkin. Rimliklar norvegiyalik hujumchi Ola Solbakken bilan shartnoma imzolagach, Eldor bilan xayrlashishi kutilmoqda.
Avvalroq, italiyalik insayder Nikola Skira o’zbekistonlik hujumchi «Roma» bosh murabbiyi Joze Mourinoning rejalaridan o’rin olmagani, Shomurodovga A Seriyaning ikki klubi «Monsa» va «Torino» qiziqayotgani haqida xabar bergandi.
Ma’lumot uchun, 27 yoshli forvard joriy mavsum A Seriyada 6 o’yinda maydonga tushdi. Yevropa ligasida esa 2 uchrashuvda bitta golga mualliflik qildi.
Eslatib o’tamiz, yozgi transfer oynasida «Torino» va yana bir qator klublar Shomurodovga qiziqish bildirgan, ammo Rim klubi o’z hujumchisini ijaraga berishni istamay, 10 million yevrodan kamiga sotmoqchi emasligi haqida xabar qilingandi.