Qadim-qadim zamonda, Xitoyning mo»jaz qishloqlaridan birida bir yigit yashar ekan.
Unga 36 yoshida juda boyib ketishini bashorat qilishibdi. Yigitning ota-onasi va butun qishloq ahli bu xabardan g’oyat suyunishibdi.
Yigitning ota-bobolari bog’bon o’tgan ekanlar. Lekin yigit hech bir hunar o’rganmabdi. «Kuch va vaqt sarflab nima qilaman? Axir baribir boy bo’laman-ku!» Umrini shu tarzda, ota-onasining qaramog’ida o’tkazaveribdi.
Vaqt-soati yetib, yigitning ota-onasi vafot etibdi. Yigit ajdodlaridan meros bo’lib kelayotgan uy va bog’ni sotibdi. O’zi qishloq chetidagi omonat hujrada yashab yuribdi. Qishloq aholisi uni boqibdi: hademay u boyib ketadi, qishloqqa foydasi tegar! Shu tariqa bashorat qilingan vaqt kelibdi. Yigit 36 yoshga to’libdi.
Lekin boylikdan darak yo’qmish. Qo’shnilar noliy boshlashibdi, uni ortiq boqishni istashmasmish. Boy bo’lishi kerak bo’lgan kishi meva tergani o’rmonga boribdi. Bir dona ham meva topmabdi. Tarvuzi qo’ltig’idan tushib, ortiga qaytayotgan ekan, yo’lda katta chuqurga tushib ketibdi. Chuqurdan chiqish uchun zinachalar kavlasa, kifoya edi. Lekin shunga ham erinib, qishloqdagi dehqonlar o’tgunicha o’tiraveribdi. Ularning yordamida chuqurdan bazo’r chiqib olganidan keyin hujrasiga kelib, joyiga yotibdi va o’lib qolibdi. Xitoylikning ruhi osmonga chiqishi bilan Yaratganga e’tiroz bildiribdi. Sarosima boshlanibdi. Taqdirlar kitobiga qarashsa, haqiqatan ham xitoylik kishi 36 yoshida katta boylikka ega bo’lishi kerak edi. G’aznachini chaqirishibdi.
— Ha, xuddi shunday, – debdi g’aznachi. – Boylik joyida turibdi. Muammo oluvchi bilan bog’liq. Boylikni berish muddati yetganida biz bu kishini bog’bonlar orasidan izladik. Uzoq izladik, lekin topa olmadik. Keyin harbiylar, olimlar, dehqonlar orasidan qidirdik. Hech qaerda yo’q. Ota-onasining uyiga bordik, ammo uni topmadik, uyda boshqa kishilar yasharkan. Qidirib-qidirib, o’rmondan topdik. Yo’ldagi chuqurga boylikni tashlab qo’ydik, biroz qazisa, bo’ldi edi. Yana ish yurishmadi. Keyin hujrasiga borgandik, kechikib qolibmiz. Shunday qilib, xitoylikka boylik tegmadi.
Xulosa o’zingizdan.
loading…