Atirgul barglari, tanasi va tikani tabiatning ajib mo’jizasidir.
Atirgulining yuzdan ortiq turi bo’lib, uning boshqa gullardan farqi shundaki, oliy navli gulning hidi ancha vaqtgacha saqlanib turadi. Dastlab fransuz atiri tayyorlanishida ham atirgulning hidi nisbat qilib olingani hech kimga sir emas.
Dastlab atirgulga yovvoyi na’matakning bir turi sifatida qaralgan. O’rmonlarda va uyni tashqi tarafdan himoya vazifasini o’tashi uchun ekilgan. O’zining ajib tarovati va go’zalligi tufayli bugun ushbu gullar ifori barchaning xonadoniga kirib kelishga ulgurdi.
Atirgulning qizil ranlisi eng keksa gullar sirasiga kiradi. Bugun uning oq, pushti va sariq ranglilari keng tarqalgan. Hozirgi kunda hatto unga xonaki gul sifatida qaralib, tuvaklarga o’stirish urf bo’ldi. Biroq ushbu amaliyot ijobiy natija keltirmadi. Chunki tuvakdagi gul uzog’i bilan uch yilcha gullab turadi. So’ng barglari to’kilib, gullashdan to’xtaydi. Bu esa uzoq yil gullab turuvchi atigul uchun juda oz fursat hisoblanadi.
Insoniyat 500 yildan buyon o’stirib kelayotan atirgullarning turfa xillari mavjud. E’tiborlisi, noyob sanaladigan oltinrang va och ko’k ranlilarini diyorimizda uchratish mumkin.
Xonaki Xitoy atirguli bilan Amerika atirgulini solishtirib bo’lmaydi. Chunki Xitoy atirguli tomiri kichik va tor joyda unib-o’sish uchun moslashgan. O’zbekistonda uni asosan xonaki tarzda yetishtirish ommalashgan. Uning guli nozik va chiroyli. Biroq uch kundan ortiq ochilib turmaydi.
Bugun O’zbekiston hududida yetishtirilayotgan atirgullarning sariq ranglisi oltin va quyosh rangini, och ko’k ranglisi tovlanayotgan kamalak jilosini, qizillari esa qizg’aldoq hamda milliy matomiz – atlasni eslatadi.
– Mayda bargli va kichik tanali atirgullar aynan O’zbekiston tuprog’i va ob-havosiga tezda moslashdi, – deydi bog’bon Odiljon Hoshimov. – Men ikki yildan buyon ushbu gul navlarini bog’dorchilikda qo’llab kelyapman. Amaliyotimiz shuni ko’rsatyapdiki, oltinrang atirgullar o’tkir hidi va go’zalligi bilan boshqalaridan ajralib turadi. Ushbu gul navlari endi fasl tanlamaydi. Hatto qishda ham ochilib, insonga xush kayfiyat ulashadi.
Bo’yi 60-70 santimetr, yashil barglari 2-3 santimetr, gulining ochilgandagi holati 4-5 santimetrdan oshmaydigan o’ta xushbo’y hidli ushbu atirgullarni endi qishda sovuq urmaydi, barglari tezda yangilanib turgani bois ularning to’kilgani sezilmaydi. Mudom yam-yashil holatda bo’lib, muntazam ochilib turadi.