Okeanshunos olim Jak-Iv Kusto islom dinini qabul qilganmi?

Islom dinini qabul qilgan shaxslar orasida dunyoga mashhur shaxslar ko’pchilikni tashkil etadi. Ammo fransiyalik okeanshunos olim Jak-Iv Kustoning “islom dinini qabul qilganmi yoki qabul qilmaganmi”, degan savol matbuot va internet foydalanuvchilari orasida keng bahs va muhokamalarga sabab bo’lib kelmoqda.

Xo’sh, Kustoning islom dinini qabul qilganligi haqidagi ma’lumot qaerdan paydo bo’ldi? Kapitan Jak-Iv Kusto suv osti dunyosini o’rganishi bilan tanilgan. U o’n yillab suv osti tizimlarini tadqiq etgan.

Okeanshunos olim izlanishlar olib borayotgan kunlarining birida ajoyib tabiat hodisasiga duch keldi. Ya’ni, Atlantika okeani va O’rta yer dengizi suvlari, ularning orasida hech qanday to’siq bo’lmasa-da, bir-biri bilan aralashmasdi. Go’yo ularning o’rtasidan ko’rinmas to’siq tortilgandek edi. Bu borada Kustoning shunday deydi:

“1962 yilda Bab-al-Mandeb bo’g’ozining Aden ko’rfazi suvlari va Qizil dengiz suvlari to’qnashadigan joyda suvning bir-biri bilan aralashmasligini nemis olimlari aniqladi. Hamkasblarim izidan borib, biz Atlantika okeani va O’rta yer dengizi suvlari o’zaro aralashishi yoki aralashmasligini aniqlashga kirishdik. Dastlab O’rta yer dengizi suvini, uning tabiiy sho’rlik darajasini, zichligini va dengiz hayot shakllarini o’rganib chiqdik. Atlantika okeani suvlari ustidan ham xuddi shunday tadqiqotlar olib bordik. Suvning ushbu ikki massasiga Gibraltar bo’g’ozida ming yillardan beri to’qnash kelinadi. Suvning bu o’lkan ikki massasi uzoq yillar davomida aralashib ketishi, ularning sho’rlik darajasi va zichligi bir xil holatga kelishi kerak edi. Biroq suvlar o’zaro jipslashgan holatlarda ham har biri o’z hususiyatlarini saqlab turardi. Boshqacha qilib aytganda, suvlarning massasi birlashganda suv pardasi ularning aralashishiga yo’l qo’ymaydi.

Fan nuqtai nazaridan tushuntirib bo’lmaydigan ushbu holat haqida professor Moris Byukalyuga so’zlab berdim. U bu holatning hayratlanadigan joyi yo’qligini va ushbu tabiat hodisasi to’g’risida insoniyatga bundan 1400 yil ilgari Yaratgan tomonidan yuborilgan, musulmonlarning muqaddas kitobi – Qur’oni karimda aniq va ravshan qilib atilganligini ta’kidladi.

Bu gap menga chaqmoq urgandek ta’sir qildi. Haqiqatdan, Morisning gaplari to’g’ri edi. Bunga Qur’oni karimning tarjimasini o’qiganimdan so’ng amin bo’ldim. O’shanda “Qasam ichaman, zamonaviy fan 1400 yil ortda qolayotgan – Qur’on, inson tomonidan aytilgan (yaratilgan) bo’lishi mumkin emas! Bu Yaratganning asl so’zi”, deb qichqirib yubordim.

Shundan so’ng Islom dinini qabul qildim va ushbu dinning haqiqiy, adolatli, yengil va foydali ekanligiga kundan-kun ishonchim komil bo’la boshladi”.

Lekin Jak-Iv Kustoning islom dinini qabul qilganligini tasdiqlaydigan biron bir hujjat saqlanmagan. Bundan tashqari, Kustoning oilasi a’zolari ham okeanshunos olimning Islom dinini qabul qilganligi to’g’risidagi gap so’zlarni rad etishgan (Forbes jurnali, 2004 yil, may).

Jak-Iv Kusto 1997 yil 25 iyun kuni yurak xuruji oqibatida vafot etgan.

Zarnews.uz