image0

Marsdagi kraterlar va jarliklar yonbag‘irlarida kuzatilgan sirli qoramtir chiziqlar mavsumiy suyuq suv oqimlari bo‘lishi mumkin, degan taxmin ilgari surilgan edi. Ammo yangi tadqiqot bu chiziqlarning asl sababi butunlay boshqacha ekanini ko‘rsatdi. Bu haqdagi tadqiqot “Nature Communications” jurnalida e’lon qilindi.

Nashrga ko‘ra, AQSHning Braun va Shveysariyaning Bern universiteti olimlari sun’iy intellekt algoritmlaridan foydalangan holda Marsning yonbag‘irlarini aks ettirgan 86 mingdan ortiq sun’iy yo‘ldosh suratlarini tahlil qilgan. Bu orqali yarim milliondan ortiq chiziqlar aniqlanib, ularning global xaritasi tuzilgan.

Ushbu chiziqlar harorat, namlik va boshqa omillar xaritasi bilan solishtirilganda, ularning suyuq suv bilan bog‘liqligi aniqlanmagan. Aksincha, ular yuqori shamol tezligi va chang cho‘kindilari bilan aniq bog‘liqlik ko‘rsatgan.

Tadqiqotga ko‘ra, bu chiziqlar katta ehtimol bilan yupqa chang qatlamining siljishi natijasida yuzaga keladi. Ba’zida meteorit zarbalari yoki chang bo‘ronlari ham bunday jarayonni boshlab yuborishi mumkin. Chiziqlar orbitadan suv oqimlariga o‘xshab ko‘rinsa-da, ular aslida hech qanday namlikni o‘z ichiga olmaydi.

“Tadqiqotimiz ushbu tuzilmalar quruq sharoitda hosil bo‘lishini ko‘rsatdi. Biz suyuq suvga oid hech qanday iz topmadik”, deydi Braun universiteti olimi, tadqiqot mualliflaridan biri Adomas Valantinas.

Agar haqiqatdan ham bu chiziqlarda suv bo‘lmasa, ularning yashashga yaroqli bo‘lish ehtimoli kamayadi. Bu shuni anglatadiki, bunday hududlar kosmik kemalar tasodifan o‘zlari bilan olib kelishi mumkin bo‘lgan yer mikroflorasi bilan ifloslanish xavfiga nisbatan kamroq sezgir. Bu mahalliy hayot uchun potensial sharoitni buzmasdan Marsni o‘rganishi kerak bo‘lgan kelajakdagi missiyalar uchun maqsadlarni saralashni soddalashtiradi.

“Bu katta ma’lumotlar tahlilining foydasi. Biz orbitadan chiqmasdan ba’zi gipotezalarni rad etishimiz va tadqiqotning haqiqatan ham istiqbolli yo‘nalishlariga e’tibor qaratishimiz mumkin”, deb qo‘shimcha qildi Valantines.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyaning Milliy ilmiy tadqiqotlar markazi (CNRS) olimlari AQSH, Meksika va Ispaniyadagi hamkasblari bilan birga Marsda shu kungacha topilgan eng uzun organik zanjirlarni aniqlagandi.