Nihoyatda lazzatli va tengsiz: Izmirning ko'cha taomlari

Turk xalqi tomonidan odatda, “Egey marvaridi” deb ataladigan Izmir diqqatga sazovor sayyohlik markazi bo’libgina qolmay, gastro-turistlar uchun ham sevimli manzil bo’lib xizmat qiladi. Zaytun moyida tayyorlangan mintaqaviy barra o’tlar va sabzavotlar, turli xildagi pishloqlar va dengiz mahsulotlari bilan siz Izmirga xos lazzatlanishingiz mumkin. Ammo bular hammasi emas. Izmir ham tashrif buyuruvchilarga mazali ko’cha taomlari bilan noyob pazandalik namunalarini taklif qiladi. Yo’l-yo’lakay iste’mol qilinadigan Izmirning ko’plab ko’cha lazzatlari tatib ko’rishingizga arziydi.

Kumru: Izmirning klassik sendvichi

Ko’pchilikka ma’lum bo’lgan kunjutli nondan tayyorlangan sendvich Izmirda «kumru» (musicha) deb ataladi. Chunki uning shakli qushga o’xshaydi. No’xat xamirturushidan tayyorlangan bu nonga Izmirning «tulum» pishlog’i, yashil qalampir va pomidor qo’shiladi. Sovuq holda beriladigan sendvich Izmirda, taxminan, 150 yil davomida nonushtaning bir qismi bo’lib kelgan. 1950 yillarda kolbasa va go’sht maxsulotlari qo’shilishi bilan sendvichning issiq shakli paydo bo’ldi. Ko’proq to’yimli va lazzatli bo’lgan issiq Kumru “Cheshme Kumrusu” deb ataladi va asl kumrudan ancha farq qiladi.

«Boyoz»ni tatib ko’ring – sizga yoqadi

Yana bir ajoyib Izmir lazzatlaridan biri – bu «boyoz». Uning nomi ispancha «bollos» (to’plam) so’zidan olingan bo’lib, bu xamir mahsuli 1492 yilda Ispaniyadan ko’chib kelgan Sefarad yahudiylari tomonidan hududga olib kelingan. 500 yildan ortiq tarixga ega bo’lgan «Boyoz» bug’doy unidan, yog’dan, suvdan, tuzdan xamirdan tayyorlanadi. Qat-qat xamir yumaloq shaklda o’raladi va ichi pishloq yoki ismaloq bilan to’ldiriladi. Izmirga xos ushbu mazali pishiriqni butun Izmir ko’chalaridan topish mumkin. Bu Izmirda odatiy nonushta hisoblanadi va aksariyat hollarda, qaynatilgan tuxum bilan iste’mol qilinadi.

Izmirda simit “gevrek” hisoblanadi

Turkiyaning ko’cha taomlari deganda birinchi bo’lib xayolga simit keladi. Kunjut sepilgan kulcha non shaklidagi bu pishiriq Turkiyaning deyarli har bir ko’chalarida uchraydi. Simit xamiri aylana shaklida o’raladi, shinni yoki suvga botiriladi va pishiriladi. Oddiy yengil nonushta – bu pechdan yangi chiqqan pishloq bilan qoplangan qarsildoq simit bilan bir finjon choydir. Kunning boshqa vaqtlarida «simit»ga, odatda, «ayron» ichimligi hamroh bo’ladi. Izmirda bu hamyonbop ko’cha lazzati «gevrek» nomi bilan yuritiladi. Tashqi ko’rinishi o’xshash bo’lsada, «gevrek» va simit turlicha tayyorlanadi.

To’ldirilgan midiya (chig’anoq): Izmirning beqiyos ko’cha taomi

To’ldirilgan midiya Turkiyaning dengiz bo’yidagi har bir shahrida va butun Izmir, ayniqsa, xiyobonlari bo’ylab joylashgan do’konlarda mavjud bo’lgan mazali va mashhur taomdir. Midiya qobig’i guruch, tuz, chig’anoqning ichki suyuqligi va ziravorlardan tashkil topgan masalliqlar bilan to’ldiriladi va ustiga limon siqilgan holda tortiq etiladi.

Kokorech

Kokorech, Turkiyaning sevimli ko’cha yengil taomi bo’lib, u to’yimli non orasiga to’ldirilgan qo’y yoki qo’zichoq ichaklaridan iborat. Izmir uslubidagi kokorech boshqalaridan biroz farq qiladi – kokorech ta’mini to’laqonli xis etish uchun Izmirliklar sabzavot va ziravorlarni solmaslikka intiladi. Shuningdek, pishgan go’sht halqa shaklida kesiladi, undan so’ng esa, yirik bo’laklarga bo’lib mijozlarga tortiq etiladi.