Umra ziyoratidan qaytgan ayrimlar xayrli ishlarda ibrat bo’lish o’rniga kutib olishdagi isroflar: eng qimmatbaho avtoulovlarda yurish, ot yo tuyaga minish, ko’cha boshidan poyondozlar solish, marosimni to’yga, ba’zan esa Xudo kechirsin, shouga aylantirish kabilarga O’zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari munosabat bildirdi.
Muqaddas ziyoratdan qaytgach, ziyofatlaru dabdabalar qilish dinimizda taqiqlangan. Bu riyo bo’ladi. Riyo esa kichik shirk, ya’ni katta gunoh.
Muftiy hazratlari buning o’rniga boshqa savobli taklifni bildirdilar.
Alloh meni ham Ka’batulloh tavofiga musharraf qilsa, Alloh menga ham Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam masjidlarida namoz o’qish, qabrlarida ularga salovat va salom aytish baxtiga yetkazsa, ushbu ibodatdan qaytib kelgandan keyin hech qanday riyo va isrof qilmayman, balki hech bo’lmaganda 2 ta kambag’al oilaga qo’limdan kelgancha yaxshilik qilishga Alloh nasib qilsin, deb niyat qiling.
Bugungi kungacha yil boshidan buyon 40 ming kishi Umraga borib keldi. Agar o’sha yurtdoshlarimiz imkoni bo’lsa, 2 ta oilaning boshini sinaganda 80 ming oilaga quvonch kirib borgan bo’lar edi.
Siz Umradan qaytgandagi riyo, dabdaba va xo’jako’rsinga sarflaydigan mablag’laringizni 2 ta (qodir bo’lganlar istasa undan ham ko’proq) ehtiyojmand oila farzandining o’qishiga yoki bemor bo’lishsa, dori-darmoniga sarflasangiz, Alloh savobingizga savob qo’shib beradi, inshaalloh.
Ushbu ezgu niyatlaringizni Alloh muvofiq aylagan bo’lsin, ilohim.