Bugun 8 mart – onajonlar bayrami! Har yili ayni mana shu kunlarda buvijonimizga, onamizga, opamizga, singlimiz, ayolimiz, qizimizga, hamkasabamiz, sinfdosh, kursdosh, suyuklimizga hadya hozirlashga kirishamiz.
Keling, yaxshisi, mazkur bayram tarixiga birgalikda nazar tashlaylik.
Ilk bor xalqaro xotin-qizlar kuni 1911 yili dunyoning to’rt mamlakati — Avstriya, Germaniya, Daniya va Shveysariyada har xil kunlarda nishonlangan. 1912 yili kichik davrada yana har xil kunlarda bayram qilingan. E’tibor qiling, bir kunda emas!
Rossiyada esa xotin-qizlar kuni birinchi marta 1913 yili nishonlangan. To’g’rirog’i, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida.
Faqatgina 1914 yilga kelib, birinchi bor xotin-qizlar kuni 8 mart sanasida bir vaqtning o’zida dunyoning 6 mamlakati — Avstriya, Daniya, Germaniya, Niderlandiya, Rossiya va Shveysariyada keng miqyosda tantanavor bayram qilindi.
Shundan keyin bu bayram yuqorida nomlari keltirilgan olti mamlakatdagina nishonlanmasdan, balki uning qamrov doirasi kengaya bordi.
BMT tomonidan 1975 yil «Butunjahon ayollar yili» deb e’lon qilindi. Shu yili 8 mart sanasi ham rasman xalqaro bayram sifatida nishonlanishi BMT tarafidan tasdiqlandi.
(“Hordiq plyus” gazetasi xazinasidan)