Jahonda millatlar ko’p, elatlar bisyor. Shubhasiz, ularning har biri kishilik rivojiga ma’lum darajada hissa qo’shgan.
Ular qatorida lo’li atalmish bir qavm borki, o’zining g’aroyib millatparvarligi va antiqa an’analari bilan dunyo xalqlarining diqqat markazida turadi. Jumladan, ularning etnik tarixi, ko’chib yurishi, qolaversa, bugungi kunda o’ziga xos madaniyati, ijtimoiy hayoti va turmush tarzini atroflicha o’rganish, bu qavm haqidagi tasavvurimizni boyitadi.
Jahon miqyosida 18 000 000 kishini tashkil etuvchi lo’li millatining vakillarini ko’plab mamlakatlarda uchratish mumkin. Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, AQShda 1 000 000, Kanadada 80 000, Albaniyada 70 000, Belgiyada 35 000, Braziliyada 678 000, Germaniyada 100 000, Gretsiyada 350 000, Polshada 50 000, Portugaliyada 40 000, Rossiyada 400 000, Ruminiyada 2 000 000, Turkiyada 2 000 000 ga yaqin, Ispaniyada 800 000, Eronda 114 000, Misrda 234 000, Hindistonda 200 000 kishi lo’li millatiga mansub, deb sanalgan. Har bir mamlakatning mahalliy aholisi ularni turli nomlar bilan atab kelishgan. Masalan, armanlar – «bosha», inglizlar – «trevelers», «jipsi», italyanlar – «zingari», ruminlar – «zinkani», moldavanlar – «laesh», afrikaliklar – «mavr», nemislar – «sinti», finlar – «mustalaitet», turklar – «qoracha», ruslar – «roma», «sigan», ispanlar – «xitanos», eronlar – «kosib», «zargar», afg’onlar – «karbut», «nosha» va hokazo.
O’zbekistonda ham qadimdan lo’lilar istiqomat qilishib, mahalliy aholi tomonidan ular «lo’li», «mo’ltoni», «jo’gi» kabi nomlar bilan ataladilar. Lo’lilar o’zlarini esa «mugat» (mug’, olovga topinuvchi) deb ataydilar. Biroq hozirda O’zbekiston lo’lilarining aniq soni haqida ma’lumotlar mavjud emas. Faqat, «O’zbekistonning etnik atlasi»ga ko’ra, 2000 yili mamlakatda ularning soni 5 000 nafarni tashkil etganligini bilish mumkin. Olib borilgan tadqiqotlarga asosan, bugungi kunga kelib, mamlakatda taxminan 50 000 dan ortiq lo’li istiqomat qiladi, deb hisoblansa xato bo’lmaydi.
Lo’lilarning kelib chiqishi va dunyo bo’ylab keng tarqalishi tarixi haqida elshunoslik fanida turli qarashlar mavjud. Ulardan biri lo’lilarning Misrdan kelib chiqqani haqidagi talqin hisoblanadi. Lo’lilarga nisbatan gypsy (misrlik) etnonimi xalqaro muomalada keng qo’llanilishining o’zi ham, yaqin vaqtlargacha, ya’ni XX asr boshlariga qadar ularning asl vatani Misr diyori ekanligining tan olinganligini ko’rsatadi. Biroq, keyinchalik bu talqin o’zining ilmiy asoslarini topmadi. Ilmiy jamoatchilik tomonidan qabul qilingan va asoslangan qarash sifatida lo’lilarning Hindiston diyoridan kelib chiqqani e’tirof etildi.
Ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, lo’lilarning dastlabki guruhlari V-VII asrlarda va keyingi davrlarda Shimoliy Hindistondan tarqala boshlagan. Ularning ayrim guruhlari Hindistondan Balujiston – Afg’oniston – Eron – Kavkaz – Turkiya orqali Yunonistonga va u yerdan butun Yevropaga tarqalgan. Ikkinchi yo’l Hindiston – Eron orqali Markaziy Osiyoga tarqalgan.
Lo’lilarning Hindistonni tark etib, boshqa hududlarga ko’chib o’tishlarining keyingi to’lqini ikkinchi ming yillikning boshlarida (milodiy X asr) amalga oshgan bo’lishi mumkin. Chunki bu vaqtda Hindiston musulmon jangchilari tomonidan istilo qilina boshlagandi. Bundan tashqari, Hindiston ichki nizolar va qudratli Dehli sultonligining tanazzulga uchrashi kabi og’ir tarixiy davrni boshdan kechirayotgan edi. Shu kabi ko’chishlar keyingi asrlarda ham bosqichma-bosqich amalga oshib turgan.
Ular 1417 yili Vengriya, 1418 yili Germaniya, 1422 yili Ispaniya, 1500 yili Polsha, 1422 yili Italiya, 1430 yili Angliya va boltiqbo’yi mamlakatlarida paydo bo’lganlar.
Lo’lilar Yevropada tez tarqalib, ko’p o’tmay Atlantika okeani qirg’oqlarigacha borib yetishgan. Bir-bir yarim asrdan so’ng esa, ular Amerika qit’asi va hatto Avstraliyada ham istiqomat qiladigan bo’lishdi.
Shunday qilib, asrlar davomida butun dunyoga keng tarqalgan lo’lilarning azaliy vatani Hindiston ekanini toponimik tadqiqotlar ham tasdiqlaydi. Yuqorida aytilganidek, O’zbekistonning turli mintaqalarida istiqomat qiluvchi aholi lo’lilarni har xil nomlarda, ya’ni «lo’li», «jo’gi», «mo’ltoni» deb atashadi. Bu Karachi va Mo’lton shaharlari nomi bilan bog’liq, degan farazlar mavjud. Markaziy Osiyo lo’lilarining ayrim guruhlari «jo’gi» (hindchada kambag’al, qashshoqni bildiradi), «hindistoniy», «bo’lujiy» deb atalishi ham lo’lilarning asl vatani Hindiston bo’lganligini tasdiqlaydi.
Umuman olganda, lo’lilar o’z vatanlaridagi noqulay tarixiy sharoit tufayli an’anaviy mashg’ulotlari (qo’shiq kuylash, raqsga tushish va boshqalar) bilan shug’ullanish imkonini topa olmay, munosib joy izlab boshqa davlatlarga ko’chib o’tganlar. Albatta, bunday holatda taraqqiy etgan mamlakatlarga intilishlari tabiiydir.
Xususan, o’rta asrlarda Markaziy Osiyo hududlari bunday talablarga to’la javob bergan. Lo’lilar Hindistonni tark etishgach, uzoq payt Afg’onistonda istiqomat qilganlar. Mahalliy aholi tarkibiga singib, o’ziga xos etnik guruhlarni vujudga keltirganlar. Keyinchalik, u yerdan hozirgi O’zbekiston va Tojikiston hududlariga ko’chib o’tganlar.
Qadimda ko’chmanchi hayot kechirgan qavm vakillari qanday geografik, ijtimoiy, madaniy muhitga tushsalar, shunga mos kasb-korni egallab boraverganlar. Masalan, Markaziy Osiyo lo’lilari XIX asr oxirlariga qadar ot dallollik, zuluk sotish, yog’ochlardan turli uy-ro’zg’or buyumlarini tayyorlash, panshaxa, ketmon, g’ildirak to’g’ini, g’ildirak gupchagini charxlash, do’ppi, belbog’ tikish, qalaydan halqa yasash kabi mashg’ulotlarga uquvlari baland bo’lgan. Shu bilan bir qatorda, zargarlik, paranji uchun otning qilidan chachvon tayyorlash ham etnik guruh vakillari faoliyatining bir qismini tashkil etgan. Lo’lilarning musiqa, raqs, hayvonlarni o’rgatuvchilikka rag’batlari kuchli bo’lib, bozorlar, sayllar, jamoat joylarida turli xalq tomoshalarini ko’rsatib, shuhrat qozonganlar. Ayollarning ko’pchiligi esa, xalq tabobati va tilanchilik bilan shug’ullanish orqali oila iqtisodiga sezilarli hissa qo’shganlar. Bundan tashqari, lo’li etnik guruhlaridan biri mazanglar o’troq hayot kechirib, boshqa urug’laridan farqli ravishda asosan dehqonchilik qilib, ayollari turli pardoz buyumlari savdosi bilan mashg’ul bo’lishgan.
Lo’lilarning bunday maishiy hayoti va ko’chmanchi turmush tarzi evaziga uy-joylari ham o’ziga xos bo’lgan. Lo’lilarning qadimda yashash joylari chodirlar bo’lib, ularning ikki turi mavjud bo’lgan: qishki chodir (chodiri zimiston) hamda yozgi chodir (chodiri garm). Qishki chodirlar yerga kovlab o’rnatilgan ikki yoki uch tayoqning qutblariga tutashgan bo’z matodan iborat bo’lsa, yozgi chodirlar juda kichik va odatda bitta qutbga tutashgan, soyabon vazifasini o’tagan. Chodirga kigiz yoki namat yoyib qo’yilgan. Chodirning chiqish joyida uncha katta bo’lmagan chuqurcha qazilgan va uning ichida gulxan yoqilgan. Bu gulxandan faqat chodirni isitish uchun foydalanilgan. Ovqat pishirish uchun esa chodirdan tashqarida alohida gulxan mavjud bo’lgan. Mazanglarning uy-joylari lo’lilarning chodirlaridan farqli o’laroq, yoysimon egilgan va yerga qadalgan qalin shox-shabbalardan yoki qamishlardan tayyorlangan. Chaylaning balandligi inson bo’yi barobar holda, ba’zan esa 3-4 metrgacha yetgan. Chaylaning eshigi qamishdan tayyorlangan bo’yra yoki mato bilan yopilgan.
Lo’lilar uzoq vaqt Markaziy Osiyo xalqlari bilan yonma-yon yashab, bir elat bo’lib shakllanishlari evaziga marosim va an’analari ham o’zaro o’xshashlik kasb etgan. Ular uchun, ayniqsa, farzand tug’ilishi va tarbiyasi bilan bog’liq odatlar alohida ahamiyatga ega. Aqiqa, soch qirqish, azon o’qish, beshik to’yi, sunnat to’yi hamda muchal to’ylari mavjud bo’lib, atrofdagi o’zbek va tojiklarning marosimlaridan deyarli farq qilmaydi. Shuningdek, nikoh marosimlari, motam marosimlarida ham o’zaro muvofiq jihatlarni o’zida aks ettirgan. Ayrim marosimlarni lo’lilarning o’ziga xos marosimlari sifatida qayd etish mumkin. Chunonchi, momo oshi (yoki yetti pir), qozon to’ldi, bozorliq, yetti olov va boshqalar.
Bugun O’zbekistonda istiqomat qilayotgan lo’lilarning turmush tarzi o’tmishdagidan ancha farq qilib, ijtimoiy va madaniy rivojlanish ko’zga tashlanadi. Davlatimiz tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlardan lo’lilar ham foydalanishga harakat qildilar. Shu davrlarda lo’lilarning orasidan tadbirkorlik yoki kichik biznes bilan shug’ullanuvchi qatlam shakllandi. Ta’lim jarayonlariga keng ko’lamda qamrab olindi, ma’lumotli kadrlar yetisha boshladi.
O’tmishda ko’chmanchi hayot tarzini kechirgan, muqim yashash manzili va ish joyiga ega bo’lmagan lo’lilar, bugun zamonaviy uy-joylarda istiqomat qilib, turli kasb-korlarda faoliyat olib borishmoqda. Jamiyatning teng huquqli a’zolari sifatida barcha ijtimoiy, siyosiy, fuqarolik huquqlaridan foydalanib kelmoqdalar. Ayniqsa, oxirgi yillarda zamonaviy O’zbekistonda olib borilayotgan keng ko’lamli islohotlar natijasi o’laroq, aholining barcha qatlamlari ijtimoiy, siyosiy va madaniy jabhaning bevosita ishtirokchisiga aylanib borayotganligi lo’lilar misolida ham ko’rinadi. Ular jamiyatning faol a’zolari sifatida hunarmand, tadbirkor, o’qituvchi, shifokor, ishchi, san’atkor, sportchi kabi kasblarda ham faoliyat olib borishmoqda. Bu sohalarda ishlayotgan lo’lilar soni ortib borayotganligidan ularning atrof-tevarakka bo’lgan munosabatini ham o’zgartirmoqda.
Xulosa qilib aytganda, lo’lilar uzoq tarixga ega bo’lib, o’ziga xos etnik jarayonlarni boshdan kechirdilar. Birinchi ming yillikning o’rtalarida azaliy vatanlari Hindistonni turli ijtimoiy-siyosiy omillar ta’sirida tark etib, butun dunyo bo’ylab tarqalgan qavm hisoblanadi. Jahon lo’lilari haqida gap borganda, fanda shunday qarash mavjud: muayyan bir makonda istiqomat qilmaydigan, yagona til birligiga ega bo’lmagan, ruhiy birdamligi va turmush tarzlari bilan dunyo xalqlari ichida «yagona hududsiz millat» deb e’tirof etiladilar. Balki, bu talqin Yevropa va boshqa xorij mamlakatlari misolida aytilsa to’g’ri bo’lar. Bu hududlarda lo’lilar o’zlarining yakkalagan holda turmush kechirib yashashlari, muayyan hududda muqim yashamay, boshqa joylarga ko’chib o’tishlari bugun ham kuzatiladi. Biroq bu tamoyilni zamonaviy O’zbekiston lo’lilariga nisbatan tatbiq etish noo’rin. Chunki ular asrlar davomida mahalliy aholiga madaniy yaqinlashish, o’zaro qorishuv jarayonlari natijasida bir xalq sifatida shakllanib ulgurdilar. Shu bilan birga, o’zlarining an’analari, qadriyatlari, umuman etnik xususiyatlarini ham ma’lum ma’noda saqlab qolgan holda turli jabhalarda rivojlanish yo’lini bosib o’tmoqdalar.
Zufar Qoryog’diyev,
FA Tarix instituti tayanch doktoranti
(O’zA)
loading…